Elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab keyingi 4 kunda viloyat dispetcherlik shtabiga 502 ta murojaat qabul qilindi

Qishning sovug‘i kuchayib borgan sayin aholining kommunal xizmatlarga, ayniqsa, tabiiy gaz, elektr energiyasiga nisbatan talabi oshib bormoqda.

Shundan kelib chiqib, joriy yilning 23-26 noyabr kunlari «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyatida faoliyat olib borayotgan dispetcherlik shtabiga aholidan 502 ta murojaat qabul qilingan. Shahar va tumanlardagi hududiy elektr tarmoqlari idoralarining tezkor avariya brigadalari tomonidan 50 ta holat bo‘yicha bildirilgan masalalar ijobiy hal etilgan.

Jumladan, Past Darg‘om tumanidagi Zangiboyi mahallasida yashovchi aholidan elektr energiyasida tez-tez uzilishlar bo‘layotganligi haqida 20 dan ziyod murojaat bo‘lgan. Korxona mutaxassislarining o‘rganishlari natijasida mahalla markazidagi podstansiyaning eskirib, yaroqsiz ahvolga kelib qolganligi, elektr simlarining pala-partish tortilganligi sabab muammolar kelib chiqqan. Tuman hududiy elektr tarmoqlari korxonasi harakati natijasida ushbu mahallaning 2 kilometr yuqori kuchlanishli, 3 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari yangidan tortilib, zamonaviy podstansiya o‘rnatildi.

Afsuski, viloyatning boshqa shahar va tumanlari aholisidan ham bu kabi shikoyatlar ko‘plab kelmoqda. Bu esa «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» aksiyadorlik jamiyati mutasaddilariga katta mas’uliyat yuklaydi.

Sizda ham elektr energiyasi masalasida shikoyatlar bo‘lsa, 1156 qisqa telefon raqami orqali murojaat qilishingizni so‘raymiz.

Dilmurod TO‘XTAYeV.