“Elektron poliklinika" dasturi: Fuqarolar o‘zlari uchun qulay vaqtda uyidan chiqmasdan shifokor qabuliga yozilishi mumkin
Ohangaronlik Oybek To‘ychiyev uzoq izlanishlardan so‘ng ushbu dasturni ishlab chiqdi. Bu elektron tizim mamlakatimizda yaratilgan mazkur yo‘nalishdagi ilk mahalliy ishlanmadir.
Shifokor qabuliga yozilish uchun vaqt ajratish, o‘qish yoki ishdan qolib, klinikaga borish, mutaxassisni tanlash va shifokor qabuliga kirish uchun navbatga kupon olish talab etiladi. Buning uchun ko‘pincha turnaqator navbat kutishga to‘g‘ri keladi, bu esa ko‘p vaqtni oladi. Ana shunday ovoragarchiliklar sabab ko‘pchilik shifoxonalarga borishni xohlamaydi.
Bu kabi muammolarga yechim topish, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish, sohani raqamlashtirish maqsadida mamlakatimiz tibbiyot muassasalarida “Elektron poliklinika” tizimi joriy etilmoqda.
Xo‘sh, bu dastur qanday ishlaydi va u qanday afzalliklarga ega?
Ishlab chiqilgan yagona elektron ro‘yxatga olish va shifokor qabuliga yozilishning axborot tizimi — “Elektron poliklinika” shifokor qabuliga kirish uchun uzoq vaqt navbat kutib turishdan xalos etishi bilan ahamiyatli. Uning yordamida fuqarolar o‘zlari uchun qulay vaqtda uyidan chiqmasdan shifokor qabuliga yozilishi, shifokor va muassasa haqida ma’lumot olishi mumkin. Bu poliklinikalarga onlayn tarzda ma’lumotlarni qayd etish, oilaviy poliklinikalarda yagona elektron ambulator tibbiy kartani yuritish imkonini beradi.
— Mazkur dastur onlayn rejimda ishlaydi, — deydi loyiha muallifi O.To‘ychiyev. — Unda tibbiyot muassasalarining joylashuvi, shifokorlarning ism-familiyasi, mutaxassisligi, ishlash vaqti va boshqa ko‘rsatkichlar aks etadi. Telefonga o‘rnatilgan elektron dastur orqali bemor shifoxonani, o‘zini bezovta qilayotgan kasallikdan kelib chiqib, tegishli shifokorlardan birini tanlashi va o‘ziga qulay vaqtni belgilab, uning qabuliga yozilishi mumkin. Natijada bemorlar shifoxonaga kelib, navbat kutib qolmaydi. Belgilangan paytda shifokor ko‘rigidan o‘tadi.
Ushbu tizim o‘ta qulay. Bunda tibbiyot muassasasida ro‘yxatdan o‘tish bo‘limida POS printer, har bir shifokor xonasida kompyuter, elektron navbatlarni kuzatib borish uchun elektron tablo, tibbiyot hisobotlari hamda ma’lumotnomalarini chiqarish uchun printer uskunasi bo‘lishi kerak. Kompyuterlarning har biri mahalliy hisoblash tarmog‘iga ulangani onlayn rejimda navbatga yozilayotganlarning ma’lumotlarini kuzatib borish imkonini beradi.
Tibbiyot muassasasida yagona elektron tizim bo‘lgani uchun shifokorning kompyuterida bemor haqida ma’lumotlar va uning elektron navbati chiqib turadi. Ko‘rik tugagandan so‘ng bemor qabulxonaga kelib, tayinlangan dori-darmonlar ro‘yxatini, ularni qabul qilish yo‘riqnomasini elektron tarzda oladi. Sababi, ba’zan shifokorlar husnixatini bemor ham, hatto dorixonachilar ham tushunishga qiynaladi. Elektron yo‘riqnoma esa ana shunday muammoga yechim bo‘ladi. Unda dorilar nomi aniq-tiniq aks etadi. Yana bir qulayligi, ko‘rikdan so‘ng bemorning elektron ambulator tibbiy kartasi shakllantiriladi. Bu, o‘z navbatida, shaxsiy ambulator kartalar yo‘qolib qolishining oldini oladi, bemorning har safar uni o‘zi bilan olib kelishiga ehtiyoj qolmaydi.
Shu qulayliklari bois bugungi kunda shahar va tumanlardagi tibbiyot muassasalarida “Elektron poliklinika” axborot tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.