Endi yetti marta emas, yetmish marta o‘ylab, bir qarorga kelishimiz kerak

Joriy yil 24 iyul kuni Prezidentimiz tomonidan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmon qabul qilindi. Mazkur hujjat sud tizimi, qolaversa, fuqarolarimiz hayotiga qanday o‘zgarishlar olib kelishi haqida jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari O‘tkir Mamadaliyev bilan suhbatlashdik.

Farmonda uchta sud, ya’ni jinoyat, iqtisodiy va fuqarolik sudlari birlashtirilib, yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi belgilangan. 2001 yil 1 yanvardan esa umumyurisdiksiya sudlari ikkita sudga bo‘linib, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar alohida faoliyat yurita boshlagan edi. Fikringizcha, bu qaror orqaga qadam qo‘yish bo‘lmadimi?

– Juda yaxshi savol. Avvalambor bir masalaga to‘xtab o‘tmoqchiman, mazkur Farmon keng jamoatchilik bilan muhokama qilinib, ko‘plab davlat organlari, shu jumladan senatorlar va deputatlar tomonidan berilgan takliflar asosida tayyorlangan hujjat bo‘lib, u tarixiy hujjat sifatida e’tirof etilmoqda.

Xabaringiz bor, joriy yilning 30 iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Farmonda qayd etilgan masalalarning barchasi Prezident tomonidan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan.

Haqiqatdan ham 2001 yil 1 yanvardan sudlar ixtisoslashuvi joriy qilinib, umumiy yurisdiksiya sudlari jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlariga bo‘linib, alohida faoliyat yuritishni boshlashgandi. Prezidentimiz imzolagan yangi Farmonda esa sudlar birlashishi nazarda tutilmoqda. Lekin sudlarning ixtisoslashuvi saqlanib qolishiga alohida urg‘u berilgan. Ya’ni, sudlarning ixtisoslashuvi institutidan voz kechilmayapti, aksincha bu institut saqlab qolinmoqda.

Farmon talabi bilan 2021 yil 1 yanvardan viloyatlar miqyosidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi va bu sud tizimi rivojlanishiga yangi qadam sifatida baholash lozim, deb hisoblayman.

Bu talab jahon tajribasiga qanchalik mos?

– Farmondagi bu talab to‘liq jahon tajribasiga mos keladi. Chunki o‘rta bo‘g‘in (viloyat miqyosidagi sudlar) umumiy yurisdiksiya sudlarining alohida faoliyat yuritishi ilg‘or xorijiy amaliyotga javob bermaydi.  Masalan, Fransiya, Italiya, Kanada, Janubiy Koreya, Qozog‘iston kabi davlatlarda o‘rta bo‘g‘in umumyurisdiksiya sudlari fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy ishlar bo‘yicha yagona sud sifatida faoliyat yuritadi. Amaldagi sud tizimi O‘zbekistonning tegishli xalqaro reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilmaydi, bu esa sud tizimi va uning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish lozimligidan dalolat bermoqda.

Xalqaro reyting haqida gapirdingiz, odil sudlov bilan bog‘liq reytinglarini yaxshilashga Farmondagi qaysi chora-tadbirlar xizmat qiladi?

- Shuni alohida ta’kidlash kerak, xalqaro reyting va indekslar - mamlakat imidjini o‘lchashning eng samarali vositalaridan biri bo‘lib, mamlakatning ulardagi o‘rni – xorijiy investorlarga sarmoya kiritishda o‘ziga xos mayoq vazifasini o‘taydi va davlatning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi. Bu borada sud tizimining zamon talablari va xalqaro standartlar asosida tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu jihatdan yangi farmon davlatimizning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini mustahkamlashiga xizmat qiladi.

Shuningdek, endilikda Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov hay’ati tuziladi. Bu ham investorlarning manfaatlari qonun yo‘li bilan tez va sifatli, ishonchli himoya qilinishini anglatadi. Mamlakatimizga sarmoya kiritmoqchi bo‘layotgan xorijlik investorlar birinchi navbatda iqtisodiy nizolar qanday yechilishiga qiziqib ko‘rishlari tabiiy.

Amaldagi protsessual qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, investitsion nizolar fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rilmoqda. Bu esa o‘z navbatida investitsion nizolarni hal etishda yagona sud amaliyotini shakllashtirishni qiyinlashtiradi. Albatta, bu investorlarning e’tirozlariga sabab bo‘lardi.

  • Farmon bilan sud tizimiga 2021 yil 1 yanvardan boshlab “bir sud – bir instansiya” tamoyili joriy etilmoqda, bu orqali nimalar o‘zgaradi?

– 2017 yil 1 aprelgacha fuqarolarmiz quyi sudlardan norozi bo‘lib, eng yuqori instansiyagacha, ya’ni Oliy sud Plenumigacha yetib borishi uchun 5 ta bosqichdan (birinchi instansiya, apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasi, viloyat sudining nazorat instansiyasi, Oliy sudning tegishli sudlov hay’ati, Oliy sud Rayosati) o‘tishi kerak edi, 2017 yil 1 apreldan boshlab esa eng yuqori instansiya – Oliy sud Rayosati belgilanib, yuqori instansiyada ishi ko‘rilishi uchun 3 bosqichdan (birinchi instansiya, apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasi, Oliy sudning tegishli sudlov hay’ati) o‘tishi talab etilardi. Farmon bilan joriy qilinayotgan “bir sud – bir instansiya” tamoyili ushbu islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasini yangi bosqichga olib chiqadi.

Joriy qilinayotgan tizimga muvofiq, sudlarda ishni ko‘rib chiqish bosqichlarini yanada soddalashtirish orqali samarali va xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy amaliyotga mos sud tizimi yaratilmoqda.

Jumladan,

shu vaqtgacha sobiq sovet tuzumidan meros sifatida qolib ketgan nazorat instansiyasi tugatilmoqda;

bir sudning o‘zida birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlar,
shu sudning o‘zida keyingi instansiya sifatida ko‘rilishi amaliyotiga barham berish orqali, tuman sudlarining qarorlarini viloyat sudlari tomonidan, viloyat sudlarining birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oliy sudning sudlov hay’atlari tomonidan apellyasiya tartibida ko‘rib chiqish;

apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilgan sud qarorlarini Oliy sud sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish;

Oliy sud sudlov hay’atlari tomonidan kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarini Oliy sudi raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protestiga ko‘ra kassatsiya tartibida ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi.

Amaliyotdan kelib chiqib, shuni ta’kidlash kerak, bu tartib, fuqarolarimizning ko‘plab e’tirozlari va sud tarkiblariga raddiyalar berishlariga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf qiladi.

Masalan, hozirgi kunda viloyat sudi tomonidan birinchi instansiyada ko‘rib chiqilgan jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qaroridan norozi bo‘lib berilgan apellyasiya yoki kassatsiya shikoyati shu sudning apellyasiya yoki kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilmoqda, bu esa fuqarolarning sudyalarning xolisligiga shubha uyg‘otib, sud tarkibiga raddiya berishiga asos bo‘lmoqda.

Bir sud – bir instansiya tizimi joriy qilinsa, sud qaror chiqarishda xato qilsa, keyin uni to‘g‘rilash imkonsiz bo‘lib qolmaydimi?

– Yuqorida aytib o‘tganimday, shunday tizim yaratilmoqdaki, unda har bir instansiya bir-birini to‘ldiradigan instansiyaga aylanadi, ya’ni apellyasiya instansiyasining vakolatlari kengaytirilib, qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida to‘g‘irlab qo‘yadi, apellyasiya instansiyasi yo‘l qo‘ygan xatoni esa kassatsiya instansiyasi to‘g‘irlab qo‘yishi uchun imkoniyat bo‘ladi. Bordiyu kassatsiya instansiyasi ham xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, unda Oliy sudi raisi, Bosh prokuror va ularning o‘rinbosarlarining protestiga ko‘ra ish yana kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘ladi.

Bu tartib “xatomni yuqori instansiya to‘g‘irlab qo‘yadi” deb sudyalarning ishni sifatsiz ko‘rishiga sabab bo‘lib qolmaydimi?

– “Bir sud – bir instansiya” tamoyili asosida joriy qilinayotgan tizim sudyalarimizga juda katta mas’uliyat yuklayapti va ularning ishni ko‘rish sifatiga e’tiborni kuchaytirishni talab etadi. Yangi tizim talabiga ko‘ra, har bir qaror bekor qilinishiga “favqulodda holat” sifatida qaraladi va sudyalarning javobgarligi oshiriladi. Endilikda sudyalar har bir qarorni qabul qilishda, yetti marta o‘lchab emas, yetmish marta o‘lchab bir marta kesishi talab etiladi. Sifat – ishimizni baholashning asosiy mezoni bo‘ladi. Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q.

Farmon jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudlari faoliyatida qanday o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi?

– Bu Farmon tarixiy hujjat bo‘lib, sudyalarimizdan avvalo o‘zlari uni puxta o‘rganib, uning mazmun-mohiyatini aholi e’tiboriga yetkazish borasida keng qamrovli targ‘ibot ishlarni amalga oshirishni taqozo etadi.

Shu bilan birga, Farmon bilan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi munosabati bilan sudyalarning malakasini oshirish maqsadida, doimiy seminar mashg‘ulotlar tashkil qilinib, ushbu toifadagi ishlarni ko‘rishga oid uch yil ichida qabul qilingan o‘zgartish va qo‘shimchalar o‘rganiladi.

Bundan tashqari, har bir sudyamiz o‘z faoliyatini yana bir bor tanqidiy tahlil qilib, “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi uchun nima qilishim kerak?” degan savolni o‘ziga berib, Prezidentimiz bizning oldimizga qo‘ygan talab va vazifalarni bajarishga bor kuch va bilimini safarbar etishi, odil sudlov tizimini yangi bosqichga olib chiqishi kerak. Bunga barcha imkoniyatlar yaratib berilgan.

Bu borada, Oliy sud rahbariyati tashabbusi bilan Farmon ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida ishimizni tashkil qilishimiz va uning talablarini so‘zsiz bajarishimiz lozim bo‘ladi.

Farmon bilan ma’muriy sudlar alohida sud sifatida saqlanib qolishi belgilangan, biroq ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilishi belgilangan. Bu qanchalik to‘g‘ri?

– Jahon tajribasidan kelib chiqib, shuni takidlash kerakki, ma’muriy sudlar faoliyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan mahalliy hokimliklarning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, ularning noqonuniy qarorlarini bekor qilish orqali fuqaro va tadbirkorlarning huquqlarini o‘z vaqtida hamda samarali tiklashga qaratilgan bo‘lib, ular ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarni hal etishi kerak.

Biroq, amaldagi ma’muriy sudlar tizimi, ularning asosiy faoliyatini amalga oshirishda muammolarni yuzaga keltirayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, ommaviy-huquqiy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan ma’muriy sudlarga o‘z tabiatiga ko‘ra jinoyat ishlariga o‘xshagan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rish yuklatilgan. Ma’muriy huquqbuzarlikni “kichik jinoyat” desak ham bo‘ladi. Bu toifadagi ishlarni ko‘rish ma’muriy sudlar vakolatiga kiritilganligi, ularning ish yuklamasi ortiqcha oshib ketishiga (2020 yilning 6 oyida respublika ma’muriy sudlari tomonidan 183 ming ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilgan) va ularning asosiy e’tibori hal etishi lozim bo‘lgan ishlar tabiatiga mutlaqo mos kelmaydigan ishlarni ko‘rishga qaratilishiga olib keldi.

Mazkur o‘zgarishlar, ko‘plab xalqaro ekspertlar, shu jumladan BMT rivojlanish dasturi ekspertlari tomonidan to‘g‘ri qaror deb baholanmoqda.

Hozir sudlarda qancha odam ishlayapti, keyingi yildan ularning soni qancha bo‘ladi?

– Farmon bilan sudlarda tashkiliy-tuzilmaviy o‘zgarishlar yuzaga kelishi munosabati bilan hozirgi kunda sudlarda faoliyat yuritayotgan boshqaruv xodimlari soni 3489 (shu jumladan 1380 nafar sudya) nafardan 3497 (shu jumladan 1331 nafar sudya) nafarga yetadi.

Bizning sud tizimimiz boshqa davlatlar, xalqaro sud standartlarini qabul qilishga tayyormi? Yana qanday vazifalarni amalga oshirish kerak?

- Albatta, xalqaro tajribani ko‘r-ko‘rona ko‘chirib olib, milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilib bo‘lmaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ham bunga alohida e’tibor qaratib, har bir yo‘nalishda xalqaro tajriba puxta o‘rganilishi, u bizlarda shakllangan ijobiy amaliyot yoki tizimga qanday ta’sir o‘tkazishini o‘rganishimiz lozimligini, tizimni yaxshilayman deb, amalga oshirgan ishlarimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi kerakligini ta’kidladi.

Bu borada sud tizimimiz ham barcha xorijiy tajribani qabul qila olmaydi, har qanday o‘zgarishga xalqimiz, jamiyatimiz, shu jumladan sudyalarimiz tayyor bo‘lishi kerak, ularning huquqiy ongi va madaniyati muayyan xorijiy tajribani “hazm” qilish darajasida rivojlangan va shakllangan bo‘lishi kerak. Qachon biz tayyor bo‘lsak, ilg‘or xorijiy tajribani milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilsak, xalqimiz va jamiyatimiz manfaatida xizmat qiladi. Tayyor bo‘lmasak, mening fikrimcha, ushbu tajriba yo ishlamaydi, yo salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, mamlakatimizda sud-huquq tizimidagi islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda va bu o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi.

Yana qanday vazifalarni amalga oshirishimiz kerak, degan savolingizga esa, men o‘ylamanki, hozir javob berish vaqti emas. Chunki Farmon ijrosini ta’minlash borasida juda keng qamrovli ishlar amalga oshirilishi lozim, hozir barchamiz birlashib, “oyog‘imiz tagiga o‘t qo‘yib”, faqat ishlashimiz, ishlashimiz va yana ishlashimiz zarur.

– Vaqt ajratib, savollarimizga javob berganingiz uchun rahmat!

 G‘olib HASANOV suhbatlashdi.