Endi fermerlar bolalar bog‘chalari tashkil etishi mumkin

2020 yildan boshlab ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari ekoturizmni rivojlantirish va maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bilan ham shug‘ullanishlari mumkin.

- Kelgusi yilda 22 ta yo‘nalish bo‘yicha 11 ming 957 ta fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli tizimga o‘tkaziladi, − deydi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshayev Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida. – 43 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 3500 o‘ringa ega bog‘cha tashkil etiladi. Natijada 41 mingdan ortiq kishining ish bilan bandligi ta’minlanadi.

2020 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish dasturiga ko‘ra, fermer xo‘jaliklarining moliyaviy holati bo‘yicha tijorat banklaridan tavsiyalar olindi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi har bir loyiha hududning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi, loyihalar uchun kredit ajratilishi kafolatlandi.

Ushbu dastur Senatning 25-yalpi majlisida ma’qullandi.