Endi mualliflar bilan kelishmasdan filmlarning ayrim epizodlari o‘zboshimchalik bilan kesib tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi

“O‘zbekkino” milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va O‘zbekiston Kinoarboblari uyushmasi davlat va nodavlat telekanallar,  internet ijtimoiy tarmoqlaridagi saytlar va boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlariga murojaat yo‘lladi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, “Keyingi kunlarda davlat buyurtmasi va xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan filmlarni amaldagi qonun hujjatlari talablariga zid ravishda davlat va nodavlat telekanallari orqali namoyish etish hamda internet ijtimoiy tarmoqlaridagi saytlarga qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, davlat buyurtmasiga binoan hamda xususiy studiyalar tomonidan suratga olingan bir qator filmlar namoyish etilishidan avval “O‘zbekkino” milliy agentligi va film mualliflari bilan kelishilmagan holda ayrim epizodlarning kesib tashlanayotganligiga guvoh bo‘linmoqda. Bu albatta, tomoshabin e’tiboriga havola etilayotgan filmlarning badiiy saviyasi tushib ketishiga xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 iyuldagi “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida “Mualliflik huquqi ob’yektlarini, shu jumladan, kino mahsulotlarini noqonuniy tarqatilishini aniqlash va oldini olish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, o‘g‘rincha ko‘chirib olishga qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarining yuqori darajada noqonuniy aylanishiga va mamlakatning kinokompaniyalari hamda kinoteatrlariga sezilarli zarar yetkazilishiga olib kelmoqda”, deyilgan. Darhaqiqat, intellektual mulk ob’yekti bo‘lgan xorijiy kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy harakatlarning oldini olish bo‘yicha ham huquqni muhofaza qiluvchi organlardan tezkor harakatlar zarur bo‘lmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “O‘zbekkino” milliy agentligi huzuridagi Badiiy kengash va O‘zbekiston Kinoarboblari uyushmasi davlat va nodavlat telekanallari, internet ijtimoiy tarmog‘idagi saytlar hamda boshqa tegishli tashkilotlar rahbarlaridan bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuni hamda boshqa amaldagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘z faoliyatlarini tashkil etishlarini so‘raydi”.

“O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati.