Endi oshxonalar ham piyodalar yo‘lagiga chiqib ketyapti, holat nazoratga olinishi kerak

Atigi bir necha kun oldin «Yo‘laklar kimniki? Nega uni hovliga qo‘shib olishyapti?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. Ko‘pchilik o‘quvchilar bu yuzasidan o‘z munosabatini ham bildirdi. Buni qarangki oradan hech qancha o‘tmay men ham xuddi shunday holatga duch keldim.
Samarqand shahridagi Dahbed ko‘chasining Imom Buxoriy ko‘chasi bilan kesishgan qismi ham bugun gavjum joylaridan biri.
Xuddi shu hududdagi oshxonalardan biri piyodalar yo‘lagiga stol-stullarini chiqarib qo‘yib bemalol faoliyat yuritmoqda. Piyodalar o‘tishi uchun esa nari borsa bir qadam joy qoldirilgan.
Piyodalar yo‘lagini egallab olishga kim ruxsat bergan? Qaysi tartib-qoidaga asosan bunga yo‘l qo‘yilgan? Yoki shunchaki o‘zboshimchalik bilan egallab olinganmi? Bunisi menga qorong‘u, oshxona xodimlaridan esa savollarimga tayinli javob ololmadim.
Fikrimcha, agar bu holatlarga ko‘z yumilaversa, Samarqandda erta-indin piyodalar uchun yurishga joy qolmasa kerak. Bu holat qancha tez nazoratga olinsa, shuncha yaxshi.
Davron To‘raboyev.