Endi o‘ziga taalluqli bo‘lmasa ham sud da’voni qaytarmaydi

Fuqarolik protsessual kodeksining 124, 195-moddalariga asosan, agar fuqaro da’vo ariza, ariza yoki shikoyat ariza bilan bir sudga murojaat qilgan bo‘lsa, biroq ushbu da’vo ariza shu sudda ko‘rib chiqish qonun bilan belgilanmagan bo‘lsa, sud da’vo arizani fuqaroga qaytarardi, qabul qilishni rad qilardi yoki ish yuritishdan tugatardi va sudya o‘zining ajrimida arizachi qaysi sud (organga) murojaat qilishi lozimligini ko‘rsatardi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 yanvar kuni imzolagan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari huquqlarini samarali himoya etilishini ta’minlash hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan endilikda sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish, qaytarish yoki ish bo‘yicha ish yuritishni tugatish taqiqlandi.  

Masalan, fuqaro yoki tadbirkorlik sub’yekti da’vo ariza bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut tumani sudiga murojaat qilgan. Da’vo arizani ko‘rib chiqqan sudya ushbu da’vo ariza boshqa sudga, ya’ni Tayloq tumanlararo iqtisodiy sudiga yoki Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga taalluqliligini aniqlasa, da’vo arizani fuqaroga qaytarmaydi, qabul qilishni rad qilmaydi va ish yuritishdan tugatmaydi, aksincha ushbu sudya o‘zi ushbu da’vo arizani taalluqli sudga o‘tkazadi. 

Bu bilan fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga chek qo‘yiladi. Bundan tashqari, Fuqarolik protsessual kodeksining 27-moddasida o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba’zilari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga, ba’zilari esa ma’muriy sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talab birlashtirilganda, barcha talablar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilishi kerakligi ko‘rsatilgan.

Prezident qarori bilan endilikda bir sud ishi doirasida ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir necha talabni birlashtirish taqiqlandi. Bu esa sudlarning qarorlarini sifatli va barqaror bo‘lishiga olib keladi.

F.Muxtorov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha 

Urgut tuman sudi sudyasi.