Endi Qo‘shrabotda ham kulolchilik maktabi bor

Qo‘shrabot tumanining Qo‘rg‘on mahallasida yashovchi Zafar Ismoilov o‘zi yashaydigan hududdagi 88- va Qizilbel qishlog‘idagi 14-maktablarda tasviriy san’atdan dars beradi. Shu bilan birga o‘zi faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasalarida kulolchilik to‘garaklarini ham tashkil qilgan.
- Bolaligimdan milliy hunarmandlik mahsulotlariga qiziqishim katta bo‘lgan, - deydi Z.Ismoilov. – O‘sha paytlarda mahallamizdagi 12 maktabdagi muzeyda saqlanadigan loydan yasalgan narsalarni hayratlanib tomosha qilardim. Ularni yasash, pishirish, bo‘yash ishlari qanday bajarilar ekan, deb o‘ylardim. Tumanimizda kulollar yo‘q edi. Keyinchalik umumiy o‘rta ta’lim maktabini bitirib, Toshkentdagi san’at maktabi, keyinchalik Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida o‘qib, kulolchilik sirlarini o‘rgandim.
Niyatim olis Qo‘shrabotda ham yosh avlodga loydan san’at asarlarini yaratishni o‘rgatish, chekka qishloqlarda ham usta kulollarni kashf qilish edi. Shuning uchun ham o‘zim yashaydigan hududdan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan maktabga ham qatnab, o‘quvchilarga hunar o‘rgatib kelyapman.
Bugungi kunda kulolning 20 ga yaqin shogirdlari bor. Ular yaratgan asarlari bilan turli ko‘rgazma va festivallarda ishtirok etib kelmoqda. Kulol 2018 yilda Xorazmda o‘tkazilgan “Milliy qadriyatlar” respublika festivalida birinchi o‘rinni egallagan.
To‘lqin SIDDIQOV.