O‘nlab zamonaviy kasblarni bepul o‘rganish imkoniyati taqdim etildi

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ishga tushirilgan “Ibrat farzandlari” platformasida 22 ta chet tilini bepul o‘rganish imkoniyatini bor. Qisqa vaqt ichida respublika bo‘yicha 1 million, Samarqand viloyati kesimida esa 80 ming nafarga yaqin yoshlar platformadan foydalangan. Yaqinda mazkur loyihaning mantiqiy davomi sifatida “Ustoz AI” platformasi ishga tushirildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida ishlab chiqilgan mazkur loyihada birinchi bosqichda 250 ming nafar yoshni grafik dizayner, videomontaj, animatsiya, marketing ustasi singari 40 ta zamonaviy kasbga o‘qitish rejalashtirilgan. Platformadan ijtimoiy tarmoqdagi ustozai.uz vebsayti orqali foydalanish mumkin.

Agentlikning viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shu kunlarda uning mobil ilovasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Hozir unda 40 ta zamonaviy kasb o‘qitilsa, ikkinchi bosqichda ularni 140 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Platforma tegishli sohalar mutaxassislari hamkorligida tayyorlangan videodarslar bilan boyitib borilmoqda. Undan eng chekka qishloqlarda yashovchi yoshlar ham erkin foydalanishi mumkin.

E’tiborlisi, unda nafaqat yoshlar, balki xohlagan fuqaro zamonaviy kasblarni o‘rganishi mumkin. Kurs yakunida dasturning o‘zi imtihon oladi va egallangan kasb bo‘yicha sertifikat beradi va bu jarayonlarning barchasi bepul.

Asqar BAROTOV.