Energetika tizimi mutasaddilaridan ko‘nglim qolgan

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga viloyatimizdan 16 nafar deputat (aksariyati yoshlardan iborat) saylangan. Ularga o‘tgan davrdagi faoliyati yuzasidan ayrim savollar bilan murojaat qilganmiz.

Yoshlardan farqli o‘laroq, uzoq yillar ta’lim tizimida ishlagan Muzaffara ABDIYeVA qisqa fursatda savollarimizga javob qaytardi. Quyida suhbatni e’tiboringizga havola etamiz.

- Muzaffara opa, Qonunchilik palatasida boshqa deputatlarga nisbatan yoshingiz kattaligi va butun faoliyatingiz davomida maktabda ishlab, professional qonun ijodkoriga aylanganingiz qanday kechdi?

- Aslida bu savol meni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan kunimdayoq o‘ylantirgan. Hatto bir necha kun tushkunlikka tushib qolganim ham rost. Xalq noibi degan yukning nihoyatda og‘irligini qalban his etib, o‘ta mas’uliyatli vazifani uddalay olarmikanman, degan bir hadik meni qiynardi.

Deputat sifatida ilk qatnashgan tadbirim davlatimiz rahbari raisligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishi bo‘ldi. Ushbu yig‘ilishda Prezidentimiz aytgan gaplari menga kuch, ishonch berdi. Shu yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning tarkibi tahlil etilganda, gender tengligi bo‘yicha ularning 48 nafari ayol kishi ekanligi qayd etildi.

Yosh deputatlardagi shijoat va qat’iyatni tan olaman, shu bilan birga yoshi nisbatan kattaroq deputatlarning hayot tajribasi qonun ijodkorligida qo‘l kelyapti, deb ayta olaman. Aslida qabul qilinayotgan qonunlar hayotimizda uchrayotgan muammolardan kelib chiqib yoki turmushimizni yaxshilashga salbiy ta’sir etayotgan byurokratik to‘siqlarning oldini olishga, umuman xalqimizning farovon yashashiga qaratiladi. Ya’ni, ko‘p yillik pedagogik, hayotiy tajriba professional qonun ijodkori sifatida menga faqat foyda beryapti, deb o‘ylayman.

- O‘tgan davr mobaynida saylovchilaringizning qanday aniq muammolarini hal qilib beroldingiz? Qanday hollarda deputatning ham qo‘li kaltalik qilishi sizga og‘ir botgan?

- Bir qanchasini sanashim mumkin. Tadbirkor Akram Xudoyqulov qariyb 2 yildan buyon “Feruza kichkintoylari” davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan maktabgacha ta’lim tashkiloti uchun imtiyozli kredit ololmay, bino qurilishi to‘xtab qolgan edi. Masalaga aralashganimizdan so‘ng, tadbirkorga imtiyozli kredit ajratildi.

Bundan tashqari, fuqaro Rahmatovning murojaatiga asosan Oqoltin mahallasidagi ko‘chaga optik tola tortilib, internetga ulandi. Paxtachi mahallasi fuqarolarining murojaatiga asosan mahallaning barcha ko‘chalariga yangi simyog‘ochlar, havo liniyasi va transformator o‘rnatildi.

Ish haqi to‘lanmaganligi, oilaviy kelishmovchiliklar va boshqa masalalardagi muammolar mutasaddilar bilan birgalikda hal etildi.

To‘g‘ri, hali saylov okrugimda yechimini kutayotgan muammolar ko‘p. Aytaylik, tumanda 127 ta maktabdan qanchasida o‘quvchilar 2 navbatda o‘qiydi, 49 ta maktabda sport zal, yarmidan ko‘prog‘ida o‘quvchilar uchun oshxona yo‘q.

Bu borada Xalq ta’lim vazirligi bilan doimiy muloqotdaman. Barchasi mablag‘, resurslar bilan bog‘liqligi bois muammoni yechishga deputatning ham qo‘li kaltalik qilib qolishi insonga og‘ir botadi.

- Parlament deputati sifatida qaysi tashkilotlar faoliyati sizda salbiy taassurot qoldirdi? Nima uchun?

- Energetika vazirligi tizimidagi tashkilotlar deyish mumkin. Yurtimizga noyabr oyida sovuq tushishi bilan telefonim jiringlashdan to‘xtamadi, “svet yo‘q, yordam qiling” degan yozma, og‘zaki murojaatlar to‘xtovsiz kelib turdi. Albatta, mutasaddilarga chiqaman, ulardan «qayerdadir eski sim uzilibdi yoki avariya sodir bo‘libdi, tezda bartaraf etamiz», degan javobni olaman.

Ba’zida bu uzilishlar 1-2 kunga cho‘ziladi. Agar qish g‘amini yozda yeb, mutasaddilar tizimdagi muammolarni ertaroq hal qilib qo‘yganlarida, aholi noyabr oyida elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar sabab bunchalik aziyat chekib qolmasdi.

- Shu paytgacha aynan siz tomoningizdan bildirilgan qanday takliflar qonunlarda  yoki loyihada o‘z aksini topdi?

- Davlat dasturi loyihasi muhokama qilinayotganda mahalla fuqarolar yig‘ini raisini saylashda adolat va oshkoralik tamoyillariga amal qilish nuqtai nazaridan faqat ma’lum bir taklif etilganlar tomonidan emas, balki mahalla fuqarolarining ko‘pchiligi va vaqti ham hisobga olinishi kerak, degan taklifim inobatga olindi.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ham bir qancha takliflar berdim. Aytaylik, “davlat ta’lim muassasasi-davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan...” degan jumlalarga byudjetdan tashqari mablag‘lar ham bo‘lishi mumkinligini hisobga olish lozimligi to‘g‘risidagi taklifim bilan “moliyalashtiriladigan” so‘zlari olib tashlandi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirishim mumkin.

- Qonunchilikka Samarqand yoki aynan sizning saylovchilaringiz manfaatlari bilan bog‘liq yana qanday takliflaringiz bor?

- Qabul qilinayotgan qonunlar inson manfaatiga, shu jumladan, saylovchilarimiz manfaatiga ham xizmat qilishi shart.

- Saylovchilar manfaatidan kelib chiqib yuborgan deputatlik so‘rovingizga misol keltiring. Natijasi nima bo‘lgan?

- Xalq ta’limi vaziriga Past Darg‘om tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash borasida deputatlik so‘rovi yubordim. Vazirlik tomonidan javobda tumandagi barcha maktablarning ahvoli tahlil qilingan hamda muammolar bosqichma-bosqich investitsiya dasturlari orqali bartaraf etilishi qayd etilgan.

- Vaqt ajratib savollarimizga javob berganingiz  uchun rahmat!

Yo.MARQAYeV suhbatlashdi.