Energetika vazirligi Vazirlar Mahkamasining 894-son qarori talablari noto‘g‘ri talqin qilinayotganini bildirdi

Vazirlikka ko‘ra qoidalarning 85-bandida maishiy iste’molchilar ko‘zda tutilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda “Elektr energiyasi iste’moli 200 kilovattdan oshsa, har bir kilovatt uchun 900 so‘m emas, 540 so‘mdan to‘lanadi” mazmunida noto‘g‘ri ma’lumot aylanmoqda.

Ushbu noaniqlik Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrda imzolangan 894-son qarori bandlarining noto‘g‘ri talqin qilinishi tufayli yuzaga kelmoqda. Unga ko‘ra, "hisob-kitob davrida iste’molchilar tomonidan (maishiy iste’molchilardan tashqari) elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 20 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 1,2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladi”, deya o‘zgartish kiritilgan.

Bu yuridik iste’molchilar o‘zlari uchun belgilangan limitdan 20 foiz va undan ko‘p miqdorda elektr energiyasi (tabiiy gaz emas!) iste’mol qilganlarida, ortiqcha ishlatilgan har bir kVt⋅soat uchun qo‘shimcha 20 foiz miqdorida haq to‘lashlari lozimligini anglatadi (bunga qadar ikki baravar haq to‘lashlari ko‘zda tutilgan edi).

Demak, texnik shartida bir oy mobaynida 100 ming kVt⋅soat elektr energiyasi sarflashi ko‘zda tutilgan ishlab chiqarish sexi oy mobaynida 125 ming kVt⋅soat elektr energiyasi iste’mol qilsa, ortiqcha ishlatilgan 5 ming kVt⋅soat uchun 900 so‘mdan emas, 1080 so‘mdan to‘lov qiladi.

Aholi iste’molchilari III tarif guruhiga mansub bo‘lib, maishiy iste’molchilar sanaladi. Qoidalarning tegishli bandida esa aniq-ravshan qilib “maishiy iste’molchilardan tashqari” deya ko‘rsatib o‘tilgan.