Eng qimmat jonivor, hiylagar tulpor
Odamlarning hayvonlarni parvarish qilish, ular ortidan moddiy manfaat ko‘rishi bilan bog‘liq voqealar har qanday davrda ham bo‘lgan. Shuning uchun ham hayvonlar bozorlarda, auksionlarda o‘z narxidan juda qimmat narxlarda sotilgan. Ammo ayrim hayvonlar sotib olgan egasini xonavayron qilishi ham mumkin. Quyida shu haqdagi ma’lumotlarni keltiramiz.
***
Oq filni sovg‘aga berilgani haqidagi voqeani bilasizmi? Bilmasangiz, biroz vaqt ajratib quyidagi maqolani o‘qing.
Aytishlaricha, Tailand qiroli yiliga bir marta o‘z a’yonlaridan biriga oq fil tuhfa qilar ekan. Bunday e’tiborga sazovor bo‘lgan a’yonning xursandchiligini ko‘ring. Axir, janobi oliylarining e’tiborini qozonish har kimga nasib etavermaydi-da!
Keyinchalik aniqlanishicha, oq filning turgan bitgani tashvish bo‘lib, egasini xonavayron qilar ekan. Gap shundaki, boqish juda qimmatga tushib, butun saroy xizmatkorlarini saqlashdan ham oshib tushar ekan, undan voz kecholmaysan, birovga sotolmaysan, axir uni qirol sovg‘a qilgan-da. Mabodo o‘lib qolsa boshi tanasidan judo qilinadi.
Tushungandirsiz, qirol kimni xonavayron qilib yo‘q qilmoqchi bo‘lsa, o‘shanga oq filni sovg‘a qilar ekan.
***
Uning laqabi Grin Manki. O‘z vaqtida bu tulpor kimoshdi savdosida aqlbovar qilmas pul – 16 million dollarga sotib olingan. Sotilishidan oldin Manki poygada hammani lol qoldiradi – 200 metrni 9,2 sekundda bosib o‘tadi. Bu kimoshdi savdosida uning narxining oshib ketishiga sabab bo‘ladi.
Yangi egasi – irland zavodi “Kulmor” sohibi tulpordan foydalanib boyib ketishini hisoblab chiqqandi. Vaqti-vaqti bilan uni poygaga qo‘yadi. Nasl olishni istaganlardan katta pul ishlab oladi. Xullas, qimmat otning turgan bitgani daromad. Reja yaxshi edi.
Ammo Manki oxirgi paytga kelib aqlli va hiylagar chiqib qoldi. U o‘ta yalqov bo‘lib birorta poygada g‘olib chiqmay qo‘ydi. Nasl olish uchun keltirilgan biyalarga ham uncha xushi yo‘q edi. Uning narxini ikki baravar kamaytirib sotishga bo‘lgan urinish befoyda ketdi.
T.Shomurodov tayyorladi.