Eng yarashiqli libos

Ikki minginchi yillarning boshlari edi. Samarqand viloyati hokimligida toponimik (joylarga nom qo‘yish) komissiyasining hisobot yig‘ilishi bo‘ldi. Viloyat gazetasining muxbiri sifatida ishtirok etib, yon daftarchamga zarur ma’lumotlarni yozib o‘tiribman.

Ishchi guruh rahbari, professor Inoyatulla Suvonqulov Samarqand shahridagi ko‘chalarning yangi nomlari haqida ma’lumot berib, ularni sharhlab borardi. Registon atrofidagi ko‘chalardan biriga Fariduddin Attor nomi qo‘yilgani to‘g‘risida gapirayotganda, kutilmaganda ishchi guruh a’zolaridan biri o‘rnidan turib gap tashladi: “Attor deyapsizmi, ko‘chada bo‘sh shishalarni yig‘ib, uvada so‘rab yuradigan attorni-ya! Saqich bilan sharik sotadigan attor nomini qo‘yamizmi?”...

Bu gapni eshitib ba’zilar zimdan kuldi, ba’zilarning yuzida nafrat paydo bo‘ldi. Domla ko‘zoynagini qo‘liga olib, arbobga ma’noli tikildi va sharhni davom ettirdi: “Mashhur fors-tojik shoiri va mutafakkiri Fariduddin Attor 1145-1221 yillarda yashagan, “Mantiq ut-tayr” dostonini yaratgan. Doston qahramoni Shayx San’on mashhur shayx, u Ka’bada 50 yil shayxlik qilgan, 400 ta muridi bo‘lgan. Taqvoyu toqatiga hatto, farishtalar havas qilgan. Attor ana shunday ulug‘ alloma, ul zotni Navoiy hazratlari ustozim, deb e’zozlaganlar”.

Domla bunday g‘ayriodatiy vaziyatlarga ko‘p ro‘baro‘ kelgani uchun bu safar ham savol egasiga qarab: “Sizga mumtoz adabiyotlardan beraman, o‘qib ulug‘ allomalar hayoti va faoliyatini o‘rganib olasiz”, dedilar yumshoqqina qilib...

Bugun yurtimizda ommaviy kitobxonlikka alohida e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘lib, yuqoridagi voqea tez-tez yodimga tushaveradi.  O‘shanda nufuzli olimlar – tarixchi, tilshunos va adabiyotshunoslar orasida o‘zining saviyasini namoyon qilgan arbob gapirgan gapi uchun o‘zini balki aybdor sanamas, lekin uning kitob o‘qimasligi, katta lavozimda o‘tirib Samarqand tarixini bilmasligi ayb edi.

Kitobga mehr bizga Samarqand davlat universitetida o‘qib yurganimizda ulug‘ ustozlardan yuqqandir. “Shalola” adabiy to‘garagida qatnashib, navoiyshunos alloma, akademik Vohid Abdulla, professor, betakror notiq Nuriddin Shukurovdan hayot sabog‘ini olganimiz ulkan maktab bo‘lgandir. Buyuklar kitobga mehrni, kitob o‘qishni o‘rgatdilar. Vohid Abdullaning suhbati, so‘zini eshitsangiz, ko‘ngil bog‘ingiz ochilardi. Gapirganlarida odamni lol etardi. To‘garak a’zolarining ko‘pchiligi boshqa fakultet talabalari, biz, matematik va fiziklar ijodning havaskorlik mashqlarida va badiiy adabiyot mutolaasida reytingimiz ancha baland edi. Domla hammamizga qarata “Qani, Navoiydan, Boburdan, Mashrabdan bir shingil satrni ayting-chi”, derdi tabassum bilan. Tarix fakultetida o‘qiydigan talaba yigit Mashrabning atoqli san’atkorlar qo‘shiq qilib aytadigan bir-ikkita she’rini aytib berar, uning ijodidan boshqa bilmasdi. Ustoz o‘zlari Mashrabdan o‘n-o‘n besh daqiqa she’r o‘qirdilar-da “Bu ulug‘ shoirni Hindistonda, Pokistonda, Afg‘onistonda yaxshi bilishadi, uni sevib o‘qiydilar. Xoki ham Afg‘oniston zaminida”, deya o‘zlari tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan Afg‘onistonda o‘zbek va pushtun tillarida chop etiladigan “Yulduz” jurnalini olib hammamizga ko‘rsatardilar. Domla yana Navoiy, Jomiy, Bedil, Firdavsiy, Rudakiy she’riyatidan o‘qirdilarki auditoriyada stullar yetishmaganidan tik turgan talabalar, 80 dan ortiq she’riyat shaydolari jim quloq tutardik.

Bu tabarruk dars­xonaga so‘z aytish uchun, talabalik yillarini qo‘msab Omon Matjon, Normurod Narzullayev, Asqad Muxtordek adibu shoirlar kelishardi. Bu saboq, bu suhbatlarga ham ancha yillar bo‘ldi. Vohid Abdullaga o‘xshagan tarixnavis, shoiru nuktadon, olimu barjastani ko‘pdan ko‘rolmayapman.

Ustoz allomaning bir so‘zi bilan maqolaga nuqta qo‘ymoqchiman. “Bilib qo‘yki bolam, odamga eng yarashiqli libos - odob libosidir. Mol ulashib hech kimga yetkazolmaysan, shirin so‘zgina hammaga yetadi. Odob libosi ham, shirin so‘z ham kitobning qatlarida...”

Ubay QODIR,

jurnalist.