Yer hisobini yuritishdagi muammolar – muhokama markazida

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida geodeziya, kartografiya, kadastr va fazoviy ma’lumotlar sohalarini rivojlantirishning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-texnik konferensiya tashkil etildi.

Konferensiyada Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belarus, Tojikiston, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning hamda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalarining soha bo‘yicha professor-olimlari, tizim tashkilotlari va ekopartiya vakillari ishtirok etmoqda.

– Konferensiya geodeziya, kartografiya, kadastr va fazoviy ma’lumotlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, ilmiy hamkorlik va o‘zaro tajriba almashish maqsadida tashkil etildi, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Chidem Turkyilmaz. – O‘ndan ortiq xorijiy davlatlardan kelgan mutaxassislar bilan mavzu doirasida amaliyotda qo‘llanayotgan tajribalarni o‘rtoqlashib, tizim taraqqiyoti uchun zarur bo‘lgan yangiliklar, takliflarni muhokama qilyapmiz. Konferensiya yakunida bildirilgan takliflar, to‘plangan tajribalar asosida soha rivoji uchun muhim bo‘lgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Bu kelgusida soha samaradorligini ta’minlashga, yer bilan bog‘liq mavjud muammolarga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylayman.

Xalqaro konferensiyada geodeziya, kartografiya, kadastr, geoinformatika, yer tuzish va fazoviy ma’lumotlar sohalarining zamonaviy holati va rivojlantirish muammolari, sohada innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, huquqiy munosabatlarni va qonunchilik bazasini tadqiq qilish, davlat kadastrlari geoportalini yaratish va yuritishning ustuvor yo‘nalishlari, yer resurslaridan ratsional foydalanish va davlat kadastrlarini yuritishda geodezik-kartografik ishlar, masofadan zondlash, sun’iy yo‘ldosh tizimlari, geoinformatika va uchuvchisiz uchish texnologiyalarini tadbiq qilish, malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash hamda mutaxassislar malakasini oshirish tizimini innovatsion rivojlantirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.

– Geodeziya, kartografiya, kadastr va fazoviy ma’lumotlar sohalarini rivojlantirish bugungi kunda dunyo miqyosidagi eng dolzarb masalalardan biri, – deydi Belarus Respublikasi Milliy kadastr agentligi baholash boshqarmasi boshlig‘i Veronika Soloveyeva. – Shu bois ushbu anjumanda yig‘ilib, sohada to‘plagan tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashish, soha rivoji uchun muhim bo‘lgan yangiliklarni aniqlash, ularni takomillashtirish, amaliyotga keng joriy etish orqali yer munosabatlaridagi mavjud kamchilik va muammolarga ijobiy yechim topishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, o‘zaro tajriba almashish bunda muhim omil bo‘ladi.

Konferensiya doirasida xorijlik mehmonlar universitet faoliyati bilan yaqindan tanishishi, bir qator madaniy dasturlar ham belgilangan.