Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Yer meniki, osmon ham... Istagancha quraman!»

Qo‘shningiz uyini bir-ikki emas, naqd uch qavatli qilib qursayu, derazalaridan sizning hovlingizdagi manzara bor bo‘yicha ko‘rinib tursa, qanday ahvolga tushasiz?

Qo‘shningizning haddan tashqari baland imorati hovlingizga tushadigan quyosh nurlarini to‘sib qo‘yishi-yu, boshqa noqulaylik kimgadir arzimas tuyular. Ammo bunday uyning qo‘shnisi o‘z uyida erkin yashay olmasligi aniq. Shu mazmunda yaqinda tahririyatimizga xat keldi.

«Samarqand shahar, Lohutiy ko‘chasi 29-uyda yashayman. 4 nafar farzandim bor. 31-uyda yashovchi qo‘shnim o‘ziga tegishli bo‘lgan yerdan qonunga zid bo‘lgan qurilish qildi. Ammo hech qanday ruxsat olmasdan turib, uch qavatli uy qurdi, uyning oynalari mening hovlimga qaragan, bundan tashqari oqibatda hovlimga oftob tushmaydi. Bir necha marotaba aytishimga qaramasdan qurilish ishlarini davom ettirib kelyapti. Bu ahvolda o‘z hovlimda erkin yurish uchun hech imkonim yo‘q. Qo‘shnimga «bunday qurmang, yo‘qsa men tegishli idoralarga murojaat qilishga majbur bo‘laman» deganimda, «qayerga borsang boraver, yer, devor, osmon meniki, xohlaganimcha quraman» dedi.

Qo‘shni bilan murosayu madora asosida yashashga nima yetsin? Afsuski, qo‘shnimiz buni tushunishni istamayapti. 2020 yil 24 aprel kuni o‘zim yashab turgan Maqsud Shayxzoda mahalla raisiga shu masala yuzasidan ariza bilan murojaat qildim. Mahalla raisi mening arizamga asosan 2020 yil 27 apreldagi 7-sonli  Samarqand shahar hokimiga va Samarqand shahar qurilish bo‘limiga bildirgi bilan chiqdi. Lekin yuqorida nomlari ko‘rsatilgan tashkilotlardan hech qanday natija bo‘lmadi.

Sayyora Toshaliyeva».

Eng qizig‘i, ayol bir yildan beri tegishli idoralarga xat yozgan, jumladan qurilish boshqarmasi vakillari kelib ayolga uning haqligini aytgan-u ammo rasmiy javob berishmagan, qurilishni ham to‘xtatmagan. Nega fuqaroning murojaatiga bunday munosabat  bildirilmoqda. Agarda u nohaq bo‘lsa, nohaqligini, haq bo‘lsa haqini talab qilish ularning vazifasi emasmi?

Mutasaddilardan javob kutib qolamiz.