Yer sotgan fermer ishi sudda ko‘rilmoqda
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudi tumandagi sobiq “Nazarov Oqbuta” fermer xo‘jaligi boshlig‘i N.Yo.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b”, “v” bandlari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqmoqda.
Dastlabki tergov organi hujjatlariga ko‘ra, N.Yo. 2014 yil davomida “Nazarov Oqbuta” fermer xo‘jaligini boshqarib, fermer xo‘jaligi yer maydonidan fuqarolarga uy-joy qurish uchun yer ajratib berish vakolatiga ega bo‘lmasa-da, fuqarolarni aldagan va ularning ishonchiga kirib, firibgarlik qilgan.
Jumladan, 2014 yil oktyabr oyida O.Eshqobilovaga uy-joy qurish uchun fermer xo‘jaligi hisobidan 0,12 gektar yer ajratishi va kelgusida mazkur yerni hujjatlashtirib berishni va’da qilib, undan 6,5 million so‘m pul olgan. O‘sha yili noyabr oyida esa Z.Xolmurodovdan 0,24 gektar yer uchun 13 million so‘m, R.Xo‘jayev va R.Miyliyevlardan ham har biriga 0,12 gektar yer ajratishni va’da qilib, 6,5 million so‘mdan pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
N.Yo. bu harakatlarini 2015 yilda ham davom ettirib, uch nafar fuqarodan 42,5 million so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan olgan.
Hozirda ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqilmoqda va uning yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
A.AKRAMOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudi raisi.