Yer uchastkasidan umrbod egalik qilish huquqining boshlang‘ich narxi tasdiqlandi
Samarqand viloyati hokimining qarori
Samarqand viloyatining shahar va tumanlarida elektron auksion savdolariga qo‘yiladigan yer uchastkasidan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqining 2021 yil I choragi uchun boshlang‘ich narxlarni tasdiqlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi “Yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 63-son qaroriga muvofiq, viloyat moliya bosh boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasining takliflarini inobatga olib, QAROR QILAMAN:
- Viloyat moliya bosh boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligi palatasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan 2021 yilning I choragi uchun yakka tartibda uy-joy qurish uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi (0,01 ga maydon) yuzasidan ishlab chiqilgan minimal qiymat miqdorida ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
- Shahar va tumanlar hokimliklari:
viloyat qurilish bosh boshqarmasi (L.Hamidov), O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi kadastr agentligining davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi (Sh.Ro‘ziqulov) bilan birgalikda yer uchastkalarini yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini belgilangan tartibda realizatsiya qilish uchun auksion savdolariga chiqarilishini ta’minlasin.
Bunda auksion savdolarida sotilgan yer maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan doimiy monitoring olib borsin va maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlangan taqdirda yer uchastkasini hokimlik zaxirasiga olish choralarini ko‘rsin.
- Viloyat moliya bosh boshqarmasi (B.Mirzayev) tushumlarning o‘z vaqtida taqsimlanishi va maqsadli sarflanishi yuzasidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
- Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari (M.Mirzayev), viloyat hokimligi huzuridagi “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat unitar korxonasi (A.Anvarov) mazkur qarorni “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalarida e’lon qilinishini hamda viloyat hokimligining rasmiy
veb-saytida joylashtirilishini ta’minlasin.
- Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining
o‘rinbosarlari J.O‘roqov, A.Shukurov zimmasiga yuklatilsin.
- Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Viloyat hokimi E.Turdimov
2021 yil 12 mart № 44-Q