Ibratli hikoya: Ko‘lmak

Bir vaqtlar u ko‘lmak edi. Bilasizmi, ko‘lmak bo‘lish juda ajoyib! Siz kulgili va itoatsiz yomg‘ir tomchilari uchun boshpana bo‘lib, ularni qanotosti qilasiz. Ba’zan ustingizdan bulutlar uchib o‘tadi, hatto Quyosh sizga tabassum qiladi! Vaqti-vaqti bilan kichkintoylar etikchada, ba’zida esa yalangoyoq yugurib kelishadi va oyoqchalarini botirib, sakrab-sakrab xursandchiligini atrofga sachratishadi. Bu oddiy hayot emas, balki jannatning o‘zi...


Afsuski, ko‘lmakning boshqa yuzi ham bor edi. Aniqrog‘i, unga nazar tashlagan har bir kishi u yerda o‘z aksini topardi. Hatto Quyosh ham jilmayib, unga qarab, undan hol-ahvol so‘raganida, ko‘proq o‘zining ko‘rinishi bilan qiziqardi. Xuddi shu maqsadda “jingalak” bulutlar ham ko‘lmak yonidan suzib o‘tardi. Ular o‘zining oppoq jingalaklari qanday ko‘rinishga egaligini bilish uchun Ko‘lmakka qarashardi.
Ko‘lmak yoniga kelgan har bir kishi doim mehmondo‘st beka kabi ko‘zgularida o‘z aksini ko‘rishni xohlardi. Ko‘lmak buni juda yaxshi tushunardi, u o‘ziga mehmonlarni jalb qila ola olishidan xursand edi va shu tarzda hech bo‘lmaganda hech qachon o‘zini yolg‘iz his qilmasdi.


Holatdan faqat ko‘lmakda o‘z yuzini ko‘ra olmaydigan Shamol norozi edi. Ko‘lmakoy ko‘pincha dahshatli sovuq shamol uni uchirib yuborishidan qo‘rqib, aziyat chekardi. Biroq, har safar yomg‘ir yog‘ishi bilan u yana hayotga qaytardi. G‘azablangan Shamol unga o‘z aksini ko‘rsatishni xohlamagan Ko‘lmakdan qasos olishga qaror qildi. Shunda u Momaqaldiroq, Chaqmoq, Ayoz va Bo‘ronni chaqirdi. Ular birgalikda ko‘lmakni avrab, sehr qilib qo‘yishdi. Shundan so‘ng ko‘lmak ko‘zguga aylandi...

Endi u kichik tomchilarni ichmaydi, mayda itoatsiz suv zarrachalari tanasiga qo‘shilgan paytdagi yoqimli tuyg‘ularni unutib yubordi. Endi uning bittayu-bitta ishi - o‘ziga qaraganlarning barchasini aks ettirishgina bo‘lib qoldi, xolos.