Er-xotin ajrashganda farzand kimda qolishi lozim?
Agar oila erkakning xatosi bilan buziladigan bo‘lsa, er 5 yoshli farzandini onasiga bermay, o‘z qaramog‘ida olib qolishi mumkinmi? Farzand otaniki degan qoida bormi?
Er-xotin ajrashganda bola uchun ona haqli bo‘ladi.
Bir ayol: "Yo Rasulalloh, bu mening o‘g‘lim. Unga qornim idish, bag‘rim ichiga oluvchi va ko‘kragim sug‘oruvchi bo‘ldi. Otasi bo‘lsa uni mendan tortib olmoqchi", dedi.
Shunda Payg‘ambar alayhissalom quyidagicha javob qildilar: "Unga sen haqlisan, modomiki turmushga chiqmas ekansan". Chunki ona bolaga mehribon va parvarishlashga qodirroqdir. Shuning uchun bolani onasiga berish manfaatliroqdir. Shunga ishora qilib Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: "Sen beradigan ey Umar shahd (mumkatak asali) va asaldan, onasining so‘lagi yaxshiroqdir", deganlar. Nafaqa esa otaga vojib, onani nafaqa qilishga majburlanmaydi.
Agar bolaning onasi bo‘lmasa, unga onasining onasi otasining onasidan ko‘ra haqliroqdir. Agar onasining onasi bo‘lmasa, otaning onasi onaning opa-singillaridan ko‘ra haqliroq va hokazo.
Agar xotin boshqa turmushga chiqib ketsa, bolaga haqdorligi soqit bo‘ladi. Ammo u erdan ajrashib yana yolg‘iz qolsa, bolasiga bo‘lgan haqdorlik tiklanadi.
Onaning o‘g‘il bolaga haqdorligi to u o‘zi yeb-ichadigan, kiyim kiyadigan va hojatga bora oladigan bo‘lguncha davom etadi. Imom Xassof buni 7 yosh deb belgilaganlar. Chunki u bungacha onaning qarashiga va undan keyin erkakcha xulq va odoblarni o‘rganishi uchun otaning tarbiyasiga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun o‘zini eplay oladigan yetti yoshdan boshlab o‘g‘il bola ota qaramog‘iga o‘tadi.
Qiz bola esa balog‘atga yetguncha onasi haqli bo‘ladi. Chunki qiz bola ayollar odob va hunarlarini o‘rganishi kerakki, bunday tarbiyani berishga ona qodir bo‘ladi. Balog‘atga yetgandan keyin esa qiz bola muhofaza va himoyaga muhtoj bo‘ladi. Bunda erkaklarning o‘rni bilinadi va qiz balog‘atga yetgandan keyin otaning qaramog‘iga o‘tadi.