Er-xotinning umumiy mulki qanday taqsimlanadi?

- Bu uyda mening ham haqqim bor.

- Uni o‘g‘limga o‘zim qurganman, ajrashishni xohlayapsanmi, endi bu uyda senga joy yo‘q.

- Ho, hali shunaqami, ko‘rsatib qo‘yaman!...

Bunga o‘xshash nizolarga kunda bo‘lmasa-da, keyingi yillarda tez-tez guvohi bo‘lib turibmiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘p holatda ajrimlar ortidan er va xotin o‘rtasidagi mulkiy nizolar yuzaga keladi. Aksariyat hollarda odamlar bu masalaga ko‘pam e’tibor qaratmaydilar. Ammo ularning shu qadar nozik chiziqlari borki, buni bilmaslik gohida “g‘olib” tarafga “qimmat” ga tushishi mumkin.

Ushbu maqolada fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar tumanlararo sudi sudyasi Furqat Anorov er-xotinning umumiy va har birining alohida mulki, umumiy mulkni tasarruf etish, bo‘lish va undagi ulushlarni aniqlash xususida so‘z yuritadi.

- Nikoh davomida olingan mol-mulk er va xotinning umumiy mulki hisoblanadi, - deydi F.Anorov. - Xususan, bunday mulk sirasiga quyidagilar kiradi:

– mehnat va tadbirkorlik faoliyatidan, shuningdek, intellektual faoliyat natijalaridan orttirgan daromadlar;

– pensiya, nafaqa, shuningdek, moddiy yordam va kompensatsiya summalari (masalan, moddiy yordam, mayib bo‘lish yoki salomatligiga yetgan zarar uchun to‘langan summa va boshqalar) kiradi.

Mulk er yoki xotindan birining nomida...

Er-xotinning umumiy puliga olingan ko‘char va ko‘chmas ashyolar, qimmatbaho qog‘ozlar, paylar (aksiyalar), omonatlar, kredit muassasalariga yoki boshqa tijorat tashkilotlariga kiritilgan kapitaldagi ulushlari hamda boshqa har qanday mol-mulklari er-xotinning umumiy mulki hisoblanadi.

Ushbu mol-mulklar er yoki xotindan qaysi birining nomiga rasmiylashtirilgan, puli er va xotinning qaysi biri tomonidan to‘langan bo‘lishidan qat’i nazar, umumiy mol-mulk hisoblanadi (masalan, uy-joy, mashina, omonatlar).

Nikohdan oldin olingan mulk-chi?

Bundan holatda, ya’ni nikoh qayd etilgunga qadar bo‘lajak er-xotinning umumiy pullariga olingan buyumlar ham umumiy mulk sanaladi. Lekin nizo chiqqan taqdirda bunday mol-mulkni birgalikda olinganligini isbotlash kerak bo‘ladi. Isbot sifatida to‘lov kvitansiyalari, cheklar, bank tranzaksiyalari va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

Eng nozik nuqta

Ayrim hollarda nikohdan so‘ng ayol ishlamagan, uy ishlari va bola parvarishi bilan band bo‘ladi. Qonunchilikka ko‘ra, er-xotindan biri uy-ro‘zg‘or ishlari, bolalarni parvarish qilish bilan band bo‘lgan yoki boshqa uzrli sabablarga ko‘ra mustaqil ish haqi va boshqa daromadga ega bo‘lmagan taqdirda ham er va xotin umumiy mol-mulkka nisbatan teng huquqqa ega bo‘ladi.

Ta’kidlash lozim, umumiy mulkka nisbatan er va xotin teng huquqli. Umumiy mulkni sotish, birovga foydalanishga berish, sovg‘a qilish yoki boshqacha ko‘rinishda foydalanish uchun ularning har ikkalasining roziligi kerak bo‘ladi.

Masalan, er nomiga rasmiylashtirilgan uy-joyni sotishda xotinidan notarial tasdiqlangan rozilik olishi lozim. Agar bunday roziliksiz uy-joy sotilsa, xotinning arizasi bilan sud tomonidan bu oldi-sotdi shartnomasi bekor qilinadi. Bunda xotin shartnoma tuzilganligini bilmaganligi yoki tuzishga qarshi bo‘lganligini isbotlab berishi kerak.

Biroq shuni yodda tutish kerakki, bunday ariza xotin uy sotilganligini bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab bir yil davomida berilishi kerak.

Qanday taqsimlanadi yoki bo‘linadi?

Umumiy mulk istalgan paytda: er va xotindan birining talabi bilan nikohdan ajrashmasdan ham, ajrashgandan keyin ham bo‘linishi mumkin. Shuningdek, er yoki xotinning qarzini undirish umumiy mulkka qaratilganda ham mulk bo‘linishi mumkin.

Umumiy mulk o‘zaro kelishuvga ko‘ra bo‘linadi. Agar er va xotin kelisha olmasa, bu vazifa sudga qoladi. Sud er va xotinning har biriga mulkning qaysi qismi berilishi lozimligini aniqlaydi. Er (xotin)ga uning ulushidan ortiq qiymatga ega bo‘lgan mol-mulk beriladigan hollarda, xotin (er)ga tegishli pul yoki o‘zga kompensatsiya belgilanishi mumkin.

Bolalarning ehtiyoji uchun olingan buyumlar (masalan, kiyim-bosh, poyabzal, maktab va sport jihozlari, musiqa asboblari, bolalar kutubxonasi va boshqalar) bo‘linmaydi hamda bolalar er va xotindan qaysi biri bilan yashasa, unga kompensatsiyasiz beriladi. Shuningdek, bolalarning nomiga qo‘yilgan omonatlar o‘sha bolalarga tegishli hisoblanadi va bo‘linmaydi.

Nikohdan ajralgandan keyin umumiy mulkni bo‘lish to‘g‘risidagi ariza uch yil davomida berilishi mumkin.

Ulushlar qanday aniqlanadi?

Agar er va xotin nikoh shartnomasiga boshqacha kelishmagan bo‘lsa, ulushlar teng hisoblanadi.

Ammo sud bolalar manfaatidan va (yoki) er va xotindan birining e’tiborga loyiq manfaatini hisobga olib, jumladan, agar er yoki xotin uzrsiz sabablarga ko‘ra ishlamagan, daromad olmagan bo‘lsa yoki er va xotinning umumiy mulkni oila manfaatlariga zarar yetkazgan holda sarflagan bo‘lsa, teng taqsimlanmasligi mumkin.

Mulkni bo‘lishda er va xotinning umumiy qarzi ham ular olayotgan ulushga mos hajmda taqsimlanadi.

Agar er va xotindan biri umumiy mulkni ikkinchi tomonning roziligisiz va oila manfaatiga mos bo‘lmagan holda o‘z xohishiga ko‘ra sarflagan yoki boshqa shaxsga o‘tkazgan bo‘lsa, uni bo‘lishda bu mol-mulk yoki uning qiymati hisobga olinadi.

Alohida mulkka nimalar kiradi?

Er va xotinning nikohgacha o‘ziniki bo‘lgan mulki, shuningdek, ulardan har birining nikoh davomida hadya, meros tariqasida yoki boshqa bepul bitimlar bilan olgan mol-mulki ularning alohida mulki hisoblanadi.

Biroq bu yerda masalaning yana bir nozik tomoni bor. Masalan, erning nikohgacha bo‘lgan paytda olgan uyi bor. Nikohdan keyin xotin bu uyni qaytadan qurishi, kapital ta’mirlashi yoki qayta jizohlashi natijasida qiymati ancha oshdi. Shunday holatda bu uy umumiy mulk deb topilishi mumkin.

Shuni ham aytish kerakki, qimmatbaho buyumlar va zebu-ziynatlardan boshqa shaxsiy foydalanishdagi buyumlar (kiyim-bosh, poyabzal va boshqa shu kabilar), nikoh davomida er va xotinning umumiy puliga olingan bo‘lsa ham, ulardan foydalanib kelgan er va xotinning xususiy mulki hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida

Tabiiy savol tug‘ilishi mumkin, nikoh davomida va undan keyin paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan mulkiy nizolarning oldini olish uchun nima qilish kerak?

Er va xotin o‘rtasidagi mulkiy huquq va majburiyatlarni nikoh shartnomasida belgilab olish lozim. Albatta, hech kim “kun kelib, ajrashib ketaman” degan yomon niyat bilan oila qurmaydi. Biroq reallik doim ham hislar bilan hisoblashmaydi. Nikoh shartnomasi esa kelgusida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday kelishmovchilik va noaniqliklarning oldini oladi.

Yo.Marqayev yozib oldi.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.