Yer yuzidagi eng og‘ir odam kim?
“Ginnyesning rekordlar kitobi”da yer yuzining eng og‘ir vaznli odamlari haqida ma’lumot keltirilgan. Ulardan biri Xalid ibn Muhsin Shaar. Meksikalik bu odamningog‘irligi oz emas-ko‘p emas, naqd 610 kilogramm.
Hozirda u Saudiya Arabistonida yashaydi. 2013 yilda qirol uni klinikada davolanishga buyurdi va uni harbiy samolyotda olib borish, davolash xarajatlarini o‘z zimmasiga oldi. Ikki marta operatsiya qilingach, Xalid 290 kilogrammga ozdi va o‘zi mustaqil yura boshladi.
Xuan Pedro Franko ham meksikalik. Lekin u Xalidga qaraganda biroz yengil - 600 kilogramm. Uni qanday qilib semirgani noma’lum. Birov “Yoshligida avtohalokatga uchragandan keyin shu baloga giriftor bo‘lgan”, desa, boshqasi “Qandli diabet kasalligiga chalinib, semirib ketgan”, deydi. Keyinchalik bechora Xuan 132 kg ozdi va 453 kg.ga tushdi. U oshqozonini operatsiya qildirib, bir qismini tiktirib tashlagan, jismoniy mashqlar bajarayotgan bo‘lsa-da hali et tashlagani yo‘q. U to‘shakdan mustaqil turish va krovatini tartibga keltirishni maqsad qilgan...
Mayra Rozales ham semizlikda yuqoridagi erkaklardan qolishmaydi - og‘irligi 470 kg. U qarovsiz qolgan bolalari haqi, ozishga qaror qilgan va 91 kilogramm ozgan.
Texaslik Kennet Bramli – 468 kg og‘irrlikka ega. U har kuni 30 ming kaloriyaga teng ovqat yegan va semizlikdan to‘shakka mixlanib qolgan. U ozishga ahd qilib, kasalxonaga borish uchun o‘t o‘chiruvchilarni chaqirishga to‘g‘ri kelgan. Gap shundaki, uni eshikdan chiqarishning iloji bo‘lmagan, o‘t o‘chiruvchilar devorni buzib, uni olib chiqib, mashinaga ortishgan.
Avstraliyalik Andre Nasr ham semizlikda maqtansa arziydi, uning og‘irligi «atigi» 468 kg. Ishtahasi ham yomon emas. Uncha-buncha ovqatga to‘ymaydi. Bechoraga rahmi kelgan hukumat bu yeb to‘ymasga maxsus davolash kursi belgilagan. Hayriyat, u oza boshlagan va 200 kg et tashlagan, bu bilan u cheklanib qolmoqchi emas. Davolash davom etyapti.
Katrina Reyford bolaligida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan, og‘ir iztirob tufayli hatto ruhiy xastaliklar klinikasida yotgan. Organizmda modda almanishuvi buzilib, bechora qiz ovqatlanganda qancha va nima yeganligini ham his qilmay qo‘ygan. Oqibatda 454kilogramm vaznga ega bo‘lgan.
Pol Meyson Buyuk Britaniyada yashaydi. Ko‘p yil u dunyoda eng semiz odam hisoblanib kelgandi. Uning og‘irligi 445 kilogramm bo‘lib, ishtahasi ham shunga yarasha edi. Nonushtaga 40 qadoq kartoshka chips (non, kolbasa, tuxumdan tashqari)ni paqqos tushirgan, har kuni 20 plita shokoladni ermak qilgan. Mamlakat sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘zini o‘zi eplay olmay qolgan erkakka rahmi kelib, moddiy yordam, tibbiy hamshira, o‘rnidan qo‘zg‘alishiga yordamlashish uchun ko‘tarma moslama ajratgan. Negaki, u so‘qqabosh bo‘lib, qarovchisiz edi.
“Ginnyesning rekordlar kitobi”dan o‘rin olgan amerikalik Terri Smit bolaligida dumboqqina qizcha edi. Keyinchalik tez semira boshladi: 20 yoshida - 100 kg, turmushga chiqib farzandli bo‘lganida 326 kilogrammvaznga yetdi. U o‘zini ko‘p yomon his qiladi, boshi og‘riydi, uni shifokorlar MRTda tekshirib ko‘rishmoqchi bo‘lganda Terri apparatga sig‘madi. OAVda hozircha uning taqdiribo‘yicha boshqa xabarlar yo‘q.
Yer yuzida eng og‘ir vaznli odamlar o‘nligidan amerikalik Donna Simpson - vazni 300 kg, Kabardin - Bolqor respublikasidan (Rossiya) Janbo‘lat Xataxov ham o‘rin olgan. Janbo‘lat bir yoshida 17, 3 yoshida 48, 7 yoshida 100 kilogramm bo‘lgan. 17 yoshida 230 kg vaznga ega o‘spirinni Sumo Fediratsiyasi to‘garakka taklif qilgan, Janbo‘lat haqida «Dunyodagi eng ulkan bola» filmi suratga olingan.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.