"Yeralash" hajviy jurnali asoschisi Boris Grachevskiy vafot etdi
Bu haqda uning rafiqasi Yekaterina Belotserkovskaya TASS agentligiga ma’lumot berdi.
Koronavirusning og‘ir asoratlari tufayli Grachevskiyning ahvoli yomonlashdi. 14 yanvar kuni u medikamentoz komaga tushirilib, ekstrakorporal membranani oksigenatsiyalash apparati (o‘tkir nafas yetishmovchiligi paytida qonni kislorod bilan to‘yintiradigan uskuna)ga ulangan.
Grachevskiy koronavirus bilan dekabr oyi oxirida kasallangan edi. Dastlab u uy sharoitida davolangan, keyinchalik reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.
Boris Grachevskiy 2002 yildan beri «Yeralash»ning badiiy rahbari. Shuningdek, u "Tom" va "Notalar orasida yoki Tantrik simfoniya" filmlarini sahnalashtirgani bilan tanilgan, "Ijtimoiy reklama" loyihasi muallifi sifatida faoliyat yuritgan.
Grachevskiy uzoq yillar teri saratoni bilan kurashdi. Bu haqda u 2018 yilgi "Inson taqdiri" dasturida gapirib bergan edi. O‘tgan yili 18 martda rejissyor 71 yoshga to‘lgan edi.