Erikson endi yashil maydonga qaytmaydi
Bugun London shahrida futbol bo‘yicha Yevropa chempionatining so‘nggi - final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Hozir gap final haqida emas, balki finalga chiqishiga "bir qadam" qolgan irodali Daniya terma jamoasining 29 yoshli o‘yinchisi Xristian Erikson haqida.
"Daniyalik futbolchi Erikson o‘yin paytida o‘lishiga bir bahya qoldi, - deb xabar beradi «AiF» (2021 yil 35-son). - Uni shifokorlar saqlab qolishdi. U Daniya – Finlandiya o‘yinida hushini yo‘qotdi. Daniya terma jamoasi shifokori Martin Bosen uning «yuragi to‘xtab qolgani»ni ma’lum qildi.
Erikson operatsiyani boshidan kechirdi. Unga yurak urishini kuzatib turuvchi apparatcha o‘rnatildi. Bu uning yuragi ishlashini tadqiq etish uchun zarur" deydi kardiolog-professor Sanjay Sharma.
Sharma daniyalik futbolchi bilan Angliyani «Tottenxem» jamoasida 2013-2020 yillarda birga ishlagan. Hodisadan u xavotirda. «Maydonda bir necha daqiqa bo‘lsa-da, o‘limni boshidan kechirdi, yuragi to‘xtab qolgan edi... Erikson 2020 yilda «Inter»ga o‘tgan edi. Endi unga o‘yinga ruxsat berib bo‘lmaydi», dedi professor.
Italiyada kardiostimulyator o‘rnatilgan sportchilarga kontaktli o‘yinlarda ishtirok etish taqiqlangan.
Gollandiyada esa terma jamoada kardiostimulyator bilan Deyli Blind o‘ynayapti. Ammo ekspertlar bunday sportchilar uchun o‘yindagi to‘qnashuvlar oxirgisi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. Shunday ekan, Eriksonni endi maydonga qaytishi gumon.
Tog‘aymurod Shomurodov tayyorladi.