Erkin iqtisodiy zonada 4,3 mingdan ziyod kishi daromadli ish bilan band
2017 yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining tashkil etilishi viloyatning iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Bugungi kunda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida qiymati 402 million dollardan ziyod 84 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu paytgacha 313 million dollarlik 55 ta loyiha hayotga tatbiq etilib, hududda bir qator sanoat korxonalari ish boshladi va ularda 4300 nafardan ortiq kishi daromad manbaiga ega bo‘ldi.
Ushbu korxonalar tomonidan gaz plitalari, yengil sanoat va charm-poyabzal tovarlari, gilamlar, gigiyena vositalari, elektr texnikasi buyumlari kabi 220 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. 2020 yilda 1,2 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 30 million dollarlik eksport qilindi.
Qurilish materiallari sanoatida mavjud tabiiy resurslar zaxirasidan samarali foydalanish hisobiga 2017-2021 yillar davomida viloyatda sement ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi. Natijada bugungi kunda yiliga 660 ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 4 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu yil yakunigacha ular safiga yana ikkita shunday korxona qo‘shiladi.