Iqtisodiy zonaning iqtisodiyotdagi samarasi qanday?
1990 yillarda Urgutda 350 mingdan ortiq aholi istoqomat qilar, tamaki fermentlash zavodi va yana ikkita bo‘z to‘quvchi fabrikadan boshqa birorta sanoat korxonasi yo‘q edi. Odamlarning aksariyati ishsiz, biroz sarmoyasi bor odamlar savdo-sotiq bilan shug‘ullanardi
Shu paytlarda Rossiya korxonalariga 45 ming tonna tamaki yetkazib berilar, erkaklar ishsiz, ayollar ushbu xomashyoni yetishtirish bilan shug‘ullanardi. Keyin g‘alla mustaqilligi davri boshlandi. Bu paytda tamaki maydonlari qisqartirildi, Rossiya, Ukraina davlatlarida tamakimizga talab susaydi.
Tamaki va uzum yetishtirish bilan aholini boqib bo‘lmaydi
1994 yilda Urgutga xorijiy sarmoya kiritilib, “UzBAT” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Ammo bu bilan ko‘zlangan marraga yetishib bo‘lmaydi, chunki aholi soni o‘sib borardi. Bu bilan aholini boqish mushkul edi.
O‘sha paytlarda Urgut tumani faqat tamakiga ixtisoslashgan hudud edi. Hatto tamakini tizadigan sim ham chetdan keltirilardi. Tumanning Mo‘minobod, G‘o‘s, Ispanza, To‘rtko‘l kabi yuqori hududlarida suv tanqisligi tufayli 7 ming gektarga yaqin maydonda tokzorlar bor edi. Ular yetishtirgan mayizni g‘o‘sliklar Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilardi. Tumanning 50-60 foiz yerlari nasoslarda sug‘orilardi, chunki elektr energiyasiga hozirgidek katta ehtiyoj yo‘q edi. Chunki xonadonlarda televizorlar ham kam, barmoq bilan sanoqli odamlardagina muzlatkich bor edi. Keyinchalik elektr energiyasida iste’molchi ko‘paydi, ehtiyoj ortib bordi. Yerlarga suv chiqarish imkoniyati yanada kamaydi. Shu bois, yana tokchilikka e’tibor kuchaydi. Tokzorlar maydoni 10 ming gektargacha kengaydi, tog‘li hududlarga ham meshlarda suv chiqarib, tok ekish boshlandi. Aholi esa yil sayin ko‘payib bordi. Shunda sanoatni rivojlantirish maqsadida mahalliylashtirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hujjatlar qabul qilindi. Bu tadbirkorga katta yengillik va imtiyozlar berdi.
Ilojsizlik imkoniyat yaratadi
Urgutning markazida azaldan uddaburon odamlar ko‘p bo‘lgan, ya’ni ishbilarmonlik ularning qonida bor. Masalan, G‘o‘s hududida ikki tup pomidor ekish u yoqda tursin yer yo‘qligidan yashash uylari juda zich joylashgan. Lekin uddaburonligi tufayli boshqa joyda 1 gektar yeri bor odamlardan ko‘ra yaxshi yashaydi. Nimadan, desangiz hunarmandchilik, tadbirkorlikdan. Muborak kitoblarda ham eng ulug‘ 10 xislatning 9 tasi tijoratda, savdogarlikda deyiladi. Lekin avvallari chetdan yuk keltirib sotganlar chayqovchiga chiqarilardi, ular o‘sha paytdagi organ xodimlarining ta’qibidan qochib, bekitib sotishardi. Keyinchalik yo‘llar ochildi, tadbirkorlikka imkoniyatlar kengaydi. Shuning uchun aksariyat ishbilarmon odamlar tijoratni yo‘lga qo‘yishdi, endi ko‘proq mahsulot olib kelib, rastalarga yoyib sotish boshlandi. Ayniqsa, 2000 yillardan boshlab xorijdan mahsulot keltirib sotish ko‘paydi. Xorijdagi ishbilarmonlar bilan yor-u do‘st bo‘lishdi, ishlab chiqarish zavodlariga kirishdi, ularning ishini o‘rgandi. Keyin shu mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati borligini ko‘rib ulardan ishni o‘rganib, uskunalar xarid qilishdi. Bizda asosan sanoatning rivojlanishi, xorijiy uskunalarning kirib kelishi 2000 yildan keyin boshlandi. Avval gilamchilik korxonasi, keyin plastmass quvurlar ishlab chiqarish uskunalari kirib keldi. Xorijdan hamkorlar jalb etildi. Tadbirkorlar ko‘rdiki chetdan import qilgandan ko‘ra mahsulotni shu yerda ishlab chiqarish samarali bo‘ladi. Asosiysi, bozorga o‘zi tovar chiqaradi, oilasini oldida bo‘ladi, odamlarni ish bilan ta’minlaydi va yaxshi daromadga ega bo‘ladi. Shunday qilib sanoat rivojlanib bordi.
Bir necha yildan so‘ng tumanning Mergancha hududida sanoat zonasi tashkil etish g‘oyasi amalga oshirila boshlandi va Jomboy tumanidan elektr tarmog‘i tortildi. O‘sha paytlarda aholiga ham, hokimlikka ham bermasdan faqat tadbirkorlarga, ishlab chiqarish korxonalariga doimiy elektr energiyasi yetkazib berilardi.
Erkin iqtisodiy zona afzalliklari nimada?
Mamlakatimizda 1996 yilda “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Prezidentimizning 2008 yil 2 dekabrda “Navoiy viloyati erkin iqtisodiy zonasini tashkil qilish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Shu tariqa erkin iqtisodiy zonalar faoliyati boshlandi. Hozir respublikamizda 22 ta shunday iqtisodiy hududlar faoliyat yuritmoqda. Dastlab “Navoiy”, “Angren”, “Jizzax” EIZlari tashkil etildi, keyin “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Hazorasp” va “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etildi. Lekin hozirda salohiyati jihatidan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi peshqadamlar safiga qo‘shildi. Bu yerdagi korxonalarning zamirida shu yerdagi xalqning tadbirkorligi, harakatchanligi davlat tomonidan kredit olishdagi yaratilgan imtiyozlardan oqilona foydalanishi yotibdi. Prezidentimizning 2017 yil 12 yanvardagi Farmoniga asosan “Urgut” EIZga tuman hududidan 390 gektar, Past Darg‘om tumanidan 66 gektar, Nurobod tumanidan 360 gektar va Samarqand shahridan 102 gektar, jami 918 gektar yer maydoni ajratildi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 13 martdagi qarori bilan yana Samarqand shahar Xishrav-2 qo‘rg‘onidan 294 gektar, Urgut tumanining O‘ramas mahallasidan 50 gektar yer qo‘shib berilib, “Urgut” EIZning maydoni 1 262 gektarga yetkazildi. Hozirgacha EIZda joylashtirish uchun qiymati 431,4 million dollarlik 94 ta investitsiya loyihasi qabul qilindi. 2018 yilda “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi 16 ta loyihaga 59,3 million dollar sarmoya kiritilib, 690 ta ish o‘rni yaratildi. Yil yakuni bilan ishga tushgan korxonalar tomonidan 294 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 8,6 million dollarlik tovarlar eksport qilindi. 2019 yilda esa korxonalar soni 25 taga ko‘payib, ishga tushgan loyihalar 41 taga yetdi. Ular 784 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqardi va 30,2 million dollarlik mahsulot eksport qildi. 2020 yilda faoliyat boshlagan korxonalar soni 55 taga yetib, ishlab chiqarish hajmi 1 trln. 1,2 mlrd. so‘mni tashkil etdi. Joriy yilning 5 oyida 56 ta loyiha foydalanishga qabul qilinib, ularga 272,6 million dollar sarmoya jalb etildi va qariyb 3900 ga yaqin doimiy ish o‘rni yaratildi. Ular tomonidan shu davrda 704,1 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 18 million dollarlik tovarlar xorij bozorlariga sotildi. EIZga joylashtirilgan loyihalarni sohalar kesimida tahlil qilsak, asosiy korxonalar yengil sanoat, charm-poyabzal, elektrotexnika, kimyo sanoati va boshqa yo‘nalishlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Hozirda qiymati 115 million dollarlik 38 ta loyihada qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ushbu loyihalar ishga tushirilishi natijasida 3150 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Yil yakunigacha esa 24,6 million dollar sarmoya kiritilib ularning 15 tasi ishga tushiriladi va 680 dan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
EIZ direksiyasi tomonidan yilning o‘tgan davrida 10 mingdan ortiq ish o‘rniga ega 505 million dollarlik 37 ta loyiha shakllantirildi. 30 ta loyiha o‘rganib chiqilmoqda, 7 tasi esa xulosa olish uchun ekspertiza idoralariga yuborildi. Hozirgacha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga kiruvchi 5 ta massivda 250 xildagi mahsulot turlari ishlab chiqarilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 14-15 aprel kunlari viloyatimizga tashrifi davomida berilgan topshiriqqa asosan “Urgut” EIZ uchun viloyatning barcha tumanidan yer ajratib berish vazifasi qo‘yildi. Ya’ni, 12 ta tumandan 566 gektar yer maydoni EIZga qo‘shib berish rejalashtirilmoqda.
Endi tumanning barcha hududidagi korxonalar EIZga a’zo bo‘la oladi
Tuman hududidagi eksportbop, sanoat ishlab chiqarish imkoniyati bor hududlar iqtisodiy zona hududiga kirishi mumkin. Ya’ni, tumanning boshqa hududida yirik ishlab chiqarish korxonasi belgilangan talablarga mos kelsa, zonaga a’zo bo‘lib, berilgan imtiyozlardan foydalanadi. Ular eksportbop, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarsa, kommunikatsiya, aloqa bilan to‘liq ta’minlanadi. Eksport qilgan mahsuloti uchun 15 foiz bojxona imtiyozi, chetdan keltiriladigan uskunalari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Yer, mulk, foyda solig‘idan 50 foizgacha, suv solig‘idan belgilangan muddatlargacha yengillik yaratilgan, kiritgan sarmoyasiga ko‘ra 3 yildan 10 yilgacha soliqdan ozod qilingan.
Iqtisodiy zona direksiyasi rahbari hokim o‘rinbosariga tenglashtirildi
Bu avvalo, mas’uliyat, qolaversa imkoniyat hamdir. Tadbirkorlar va erkin iqtisodiy zonani rivojlantirishga yanada kengroq imkoniyat yaratilyapti. Birinchidan, iqtisodiy zona direksiyasi direktori bevosita tadbirkorlar bilan ishlagani bois ularning dardi, muammosi, tashvishini biladi. Kerak bo‘lsa muammolarga yechim topish masalasida ham o‘z fikriga ega. Yana yuqorida aytganimdek, tumanlardan ham iqtisodiy zonaga yer ajratiladigan bo‘linsa, ularni faoliyati yo‘lga qo‘yishda bevosita ishtirok etish talab etiladi. Bular, albatta, tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Jamshid Haydarov,
viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi direktori.