Iqtisodiy zonalar – taraqqiyot kafolati
Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, xorijiy va mahalliy investitsiya mablag‘larini xalq xo‘jaligiga keng jalb etish, mahsulot ishlab chiqarish jarayonlarini yangi zamonaviy nanotexnologiyalar asosida takomillashtirish, korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va yangi ish o‘rinlari yaratish natijasida fuqarolarning turmush farovonligini yanada yaxshilashga katta e’tibor qaratilgan.
Bu borada maxsus iqtisodiy zonalarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. 2020 yil 17 fevralda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonuni tadbirkorlikni rivojlantirishning korporativ shaklini vujudga keltirishning muhim omili bo‘lib qolmoqda. Chunki maxsus iqtisodiy zona – tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish uchun maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud hisoblanadi.
Erkin iqtisodiy zona – yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik jarayonlarni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini yaratishni ishlab chiqarishga faol jalb etish, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni ta’minlash maqsadida tashkil etiladigan hudud.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 12 yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni mahalliy sanoatni rivojlantirishning muhim omili bo‘lmoqda. Farmonda qayd etilishicha, erkin iqtisodiy zonaning asosiy vazifasi – tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan va importning o‘rnini bosuvchi, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar tayyorlash bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun xorijiy va mahalliy investorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb etish, mahalliy xom ashyo va materiallar negizida mustahkam kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish kabi qator yo‘nalishlardan iborat.
Farmonda belgilangan vazifalar asosida “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi ta’sis etildi.
Dastlab, Prezident farmoni bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi (EIZ)ga 1.262 gektar yer (4 ta yondosh hududlar hisobidan) ajratilgan edi. Bu yerda ma’muriyatning katta tashkilotchiligi va tashabbuskorligi tufayli qisqa muddatda keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi. EIZ hududida barpo etilgan korxonalar raqobatbardosh sanoat mahsulotlarini ishlab chiqara boshladi. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4 noyabrdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi faoliyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi qaroriga asosan, viloyatning 14 ta tuman (shahar)laridagi 18 ta massivdan 560 gektar va Surxondaryo viloyatining Denov tumanidan 21 gektar, jami 581 gektar qo‘shimcha yer maydoni ajratildi. Hozir “Urgut” EIZ tasarrufidagi yer maydoni 1.843 gektarni tashkil etadi.
Ayni paytda “Urgut” EIZda umumiy qiymati 626 million AQSh dollari miqdoridagi 109 ta loyiha bo‘yicha tashkiliy-texnik ishlar amalga oshirilmoqda. Shundan 313 million AQSh dollari hajmidagi investitsiya mablag‘lariga ega bo‘lgan 68 ta loyiha hayotga tatbiq etilib, 4.473 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 2.710 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 57 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilindi. 41 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Jumladan, “Urgut” Erkin iqtisodiy zonasining Nurobod tumani “Sazag‘on” massividagi hududida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Щyolkovo Agroxim-O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi tomonidan 20 million AQSh dollaridan ko‘p bo‘lgan xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobidan respublikamiz qishloq xo‘jaligi ekinlarining parvarishi uchun asqotadigan dorilar yaratishga mo‘ljallangan “O‘simliklarni himoyalash kimyoviy vositalari ishlab chiqarish zavodi” bunyod etilmoqda.
Hozirgacha ushbu loyiha bo‘yicha qariyb 17 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Zavodning foydalanishga topshirilishi shu yilning to‘rtinchi choragiga mo‘ljallangan.
Zavod o‘z faoliyatini boshlagach, 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Maxsus (erkin) iqtisodiy zonalar mamlakatimiz xalq xo‘jaligi uchun yangi tarmoq hisoblanadi. Albatta, bu boradagi tajribamiz hali yetarli emas. Shu bois Prezidentimiz va Hukumatimiz tomonidan soha faoliyatini yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 13 iyundagi “Maxsus iqtisodiy, kichik sanoat, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyati samaradorligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazkur bo‘g‘inni rivojlantirishdagi shaxdam qadam bo‘ldi.
Farmon bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri maxsus iqtisodiy zonalar hamda kichik sanoat zonalari ma’muriy kengashlari tugatilib, ularning vazifalari maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalariga yuklatildi. Bu bilan maxsus (erkin) iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga yer maydonlarini ajratish, ular hududlarini kengaytirish yoki qisqartirish, ichki avtomobil yo‘llari qurilishi masalalarini ko‘rib chiqish vaqtlari qisqardi hamda masala yechimining tezkorligi oshdi. Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarining biznes-rejalari yoki texnik-iqtisodiy asoslariga Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKning xulosasini olish talabi bekor qilindi. Endi maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etilayotgan loyihalar qonunda belgilangan talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosa maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan mustaqil ravishda qabul qilinadi.
2022 yil 1 iyuldan boshlab shunday talab o‘rnatildiki, sanoat zonalari hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish bo‘yicha qarorlar maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalari hamda yagona direksiyalar tomonidan o‘n ish kunida qabul qilinadi, maxsus iqtisodiy zonalar hududida auksionga chiqarilgan yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha auksionda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham savdolar o‘tkazilgan hisoblanadi. Bundan buyon maxsus iqtisodiy zonalar hududidagi yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan kreditlar olishda garovga qo‘yilishi mumkin. Sanoat zonalarida yer maydonlari va bino-inshootlarni elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berishda boshlang‘ich narxi bo‘yicha to‘lovlarni o‘n ikki oy muddatda bo‘lib-bo‘lib to‘lash tartibi tashkil etilmoqda.
Bunday imtiyozlar maxsus iqtisodiy zonalar va ular ishtirokchilariga yangi-yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqarishga og‘ishmay joriy etib, yangi ish o‘rinlarini yaratish va buning natijasida aholining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash imkoniyatini beradi.
Shu tariqa maxsus iqtisodiy zonalar xalq xo‘jaligi taraqqiyotining muhim beshigiga aylanib boraveradi.
Yo‘ldosh SUYuNOV,
“Щyolkovo Agroxim-O‘zbekiston” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi yuriskonsulti.