Sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash holati tahlil qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlariga asosan erkin iqtisodiy zonalar, kichik sanoat zonalari, yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari hamda yirik ishlab chiqarish loyihalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash parametrlari tasdiqlangan.
Viloyat hokimligida ushbu ishlarning amalga oshirilishi bilan bog‘liq holatlar tanqidiy ruhda tahlil etildi.
Muhokamada Erkinjon Turdimov «Yagona buyurtmachi xizmati» DUK buyurtmachiligidagi bitta yo‘l va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ buyurtmachiligidagi 9 ta elektr tarmoqlari ob’yektlarida qurilish ishlari yakunlanmaganligi sabablari bilan qiziqdi. Mas’ullarning hisobotini eshitdi.
Muhokama jarayonida ayrim amalga oshirilgan ishlar sifatsiz bajarilganligi tanqid qilindi.
Xususan, «Suvinjiniring kompaniyasi» buyurtmasi asosida «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi «Xishrav-2» mavzesida amalga oshirilgan kanalizatsiya tarmog‘i transheyasini qayta ko‘milishida zichlash ishlari sifatsiz bajarilishi oqibatida cho‘kish holatlari kuzatilgan, Kuzatuv quduqlarining trubalar kesib o‘tish joylarida gilzalar zanglashga qarshi maxsus suyuqliq bilan ishlov berilmagan, kuzatuv quduqlarning 5 tasida bitumlash ishlari loyihadan chetlashgan holda atigi 1 qavat bajarilganligi ma’lum qilindi.
Shu bilan bir qatorda, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan kichik sanoat zonalarida 31,8 gektar yer maydonlarida joylashtirilishi kerak bo‘lgan, 167 ta LOTni auksion savdosiga chiqarish ishlari yakuniga yetkazilmaganligi ham viloyat rahbarining e’tiroziga sabab bo‘ldi.
Yakunda aniq muddat bilan mas’ullarga vazifalar yuklanib, natijasi 10 kundan so‘ng takroriy ravishda muhokama etilishi belgilandi.