Har bir hududning o‘z reyting ballari va indeksi bo‘ladi
Bugun dunyo miqyosida mamlakatlar taraqqiyotini belgilovchi 100 dan ortiq reytinglar amal qiladi. O‘zbekiston ular orasida 24 tasida o‘z o‘rnini mustahkamlash choralarini ko‘rmoqda.
Qayd etish lozimki, bu ham keyingi ikki yilning gapi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy - nima uchun barcha reytinglarda emas? Negaki, bugungi islohotlar zamirida asosan inson huquqlarini ta’minlash, qonun ustuvorligini o‘rnatish, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
- Xalqimiz ertaga emas bugun baxtli yashashi kerak, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi lozim, degan tamoyil davlat siyosatining asosini belgilab bermoqda, - deydi Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha viloyat Kengashi raisi Nozir Ibragimov. – Shu bois ayni shu yo‘nalishdagi 25 ta reytingda imidjimizni mustahkamlash choralari ko‘rilmoqda. Xabaringiz bor, bu borada davlatimiz rahbarining farmoni qabul qilingan. Qolaversa, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni baholash reytinglari yo‘lga qo‘yildi. Mazkur yo‘nalishda tegishli ko‘rsatkichlar baholanib, hududlar “yashil”, “sariq” va “qizil” hududlarga ajratilmoqda.
Galdagi masala siyosiy-huquqiy reytinglarni ishga tushirishdan iborat. Mazkur yo‘nalishda “O‘zbekiston Respublikasida huquq ustuvorligini ta’minlash holatini aniqlashning samarali mexanizmini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Viloyat hokimligida tashkil etilgan yig‘ilishda mazkur qaror asosida yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan yangi tizim hamda tizimning indikatorlari haqida ma’lumot berildi.
- Loyihada mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquq ustuvorligini ta’minlashdagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan, - deydi Toshkent davlat yuridik universiteti prorektori Axror Hoshimxonov. – Ya’ni, 7 ta indikatorga birlashtirilgan 32 ta subindikator bo‘yicha reyting baholash tizimi joriy etilishi rejalashtirilyapti.
Mazkur indikator va subindikatorlarni ko‘rsatib beruvchi 179 ta aniq mezon mavjud. Uning 60 foizi yoki 109 tasi statistik ma’lumotlardan tashkil topadi. Aniqrog‘i, yangi axborot tizimiga 1 fevralga qadar 23 ta tashkilot tomonidan mazkur mezonlar bo‘yicha statistik ma’lumotlar kiritiladi.
Qolgan 40 foizi yoki 70 tasi jamoatchilik va soha mutaxassislari o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovlar natijasiga asoslanadi. Bunda 1 martga qadar Adliya vazirligining Huquqiy siyosat tadqiqot instituti va “Ijtimoiy fikr” respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan axborot tizimi orqali 70 ta mezon bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi.
Axborot tizimiga kiritilgan ma’lumotlar 1 mayga qadar umumlashtirilib, hududlarning huquq ustuvorligi indeksi tuziladi.
Yig‘ilishda reyting ko‘rsatkichlar avvalo, xalqimiz hayotini yengillashtirish, boshqaruv tizimini liberallashtirish, davlat organlarining mas’uliyati va samaradorligini oshirishga qaratilgani ta’kidlandi.
- Avvalo bu bizga nima beradi, degan savolning javobini bilib olishimiz muhim, - deydi Bosh prokuratura huzuridagi markaz rahbari Nosir Asqarov. – Joriy qilinayotgan reyting tizimi huquq ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha real ahvolimizni ko‘rsatib beradi. O‘z navbatida, kelgusi ishlarimizni rejalashtirishda aniq mezon bo‘lib xizmat qiladi. Negaki, yangi tizimda yo‘lga qo‘yilayotgan indikatorlar viloyat, tuman va shahar reyting ko‘rsatkichlarini belgilashda inson omili aralashuviga o‘rin qoldirmaydi.
Mas’ul idora va tashkilotlar 2021 yil 1 iyunga qadar 2020 yil uchun hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash ishlarini yakunlaydi va natijalari e’lon qilinadi.
Yig‘ilishda reyting tizimi baho berish metodologiyasi, uni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha savollarga respublika ishchi guruhi tomonidan batafsil javob berildi. Qatnashchilar shuningdek, yangi tizim, bunga asos bo‘lishi kutilayotgan Prezident qarori loyihasi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Yo.MARQAYeV.