Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Erkin Komilovni o‘z asarlariga oshufta etgan yozuvchi

Toyloqlik adiba Salomat Mamatqulova qishloqda turib ham samarali ijod qilish mumkinligini o‘z hayoti misolida isbotlagan yozuvchilardan. O‘tgan davr mobaynida beshta roman, qissa va o‘nlab hikoyalar yaratdi.

S.Mamatqulova yozganini pesh qilib, har xil tanlov va davralarga o‘zini uravermaydi. Lekin viloyat bosh kutubxonasida uning ijodiga bag‘ishlab o‘tkazilgan "Qalbimdagi Vatan" nomli tadbirga tumonat ijodkor yig‘ildi. Bu esa jamiyatimizda qalbi va ishi, yozgani va amali bir bo‘lgan ijodkor qadrli ekanligini yana bir karra isbotladi.

Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Toshpo‘lat Tugal boshqargan anjuman ana shu kayfiyatda o‘tdi.

- Salomatning chop etilgan asarlari hajmi uch ming sahifadan ortiq,  - dedi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev.- Ayrim ziyolilar bir yilda bitta badiiy kitob mutolaa qilayotgan zamonda bunday qanoat va sabrga, mahoratga tahsin aytmoq lozim. Bu asarlarni yozish uchun muallif yuzlab manbalarni o‘qib chiqqan, har birini tahlil qilgan.

- Men Salomatning deyarli barcha asarlarini o‘qib boraman, - dedi O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov. - Tarxiy mavzudagi asarlari o‘zim ijro etadigan rollarni to‘ldirishimda menga katta yordam beradi. Yozuvchi singlimizning ravon va oddiy tili, munosabatlarni samimiy ifodalashi asarlarining katta yutug‘idir.

Tajribali shoira va tarjimon  Hamida Karimova S.Mamatqulova nasriy asarlarining tarbiyaviy, uslubiy qimmati haqida fikr yuritdi va ularni aniq misollar bilan ko‘rsatib berdi.

Ushbu anjumanga tashrif buyurganlar chinakamiga zavq olishdi. Nafaqat muallif asarlari ahamiyati, uning yuksak fazilatlari haqidagi Hamida Karimova, Rahimjon Naim, Normurod Karim kabi Yozuvchilar uyushmasi a’zolarining adiba kitoblarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, obrazlar silsilasi, yozuvchi mahorati haqidagi iliq mulohazalari, balki Toyloq tumani madaniyat bo‘limi san’atkorlarining dilbar qo‘shiqlari, telejurnalist Dilbar Voseyevaning ehtirosli chiqishlari to‘planganlarga o‘zgacha shavq baxshida etdi.

Adibaning "Hukmdorning buyuk armoni"," Taqdirning shum kechmishi", "Yalangto‘sh tutgan yo‘lbars"," Qalbimdagi Vatan"kitoblari xususida ijobiy fikrlar bildirildi.