Erkinjon Turdimov: “Hokim avvalo, xalqqa mehribon, mas’ullarga qattiqqo‘l bo‘lishi lozim”

Xalq deputatlari Jomboy tuman kengashining navbatdan tashqari 45-sessiyasi o‘tkazildi. Yig‘ilishni tuman kengashi deputati O.Xoljigitov olib bordi. Bu haqda "Jomboy tongi" xabar bermoqda.

Sessiyada viloyat hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

Tadbirda tashkiliy – Jomboy tuman hokimini tayinlash masalasi ko‘rildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, joriy yilning 26 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida tumandagi bir qator kamchiliklar tilga olindi. Xususan, sektor rahbarlarining fuqarolar murojaati bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, takroriy ekin ekish borasida kamchiliklar borligi aytildi. Natijada, tuman hokimi Umidjon Nazarov hamda uchta sektor rahbari – tuman prokurori, IIB va soliq inspeksiyasi boshlig‘i vazifasidan ozod qilindi.

– Hokim avvalo, xalqqa mehribon, mas’ullarga qattiqqo‘l bo‘lishi lozim, – dedi E.Turdimov. – Rahbar, aytaylik, hokim qo‘rslik, qo‘pollik, zo‘ravonlik qilsa, uni jamiyatning o‘zi sig‘dirmaydi. Xalq sevmaydi. Shunday ekan, nafaqat bugun tayinlanadigan hokim, balki barcha tuman va shaharlarimiz rahbarlaridan xalqqa qayishish, fidoyilik, yurt ertasi uchun yonib yashash talab etiladi.

Sessiyada To‘ychiyev Hamza Hakimovich Jomboy tuman hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Tadbirda B.Nodirov, G.Ahmedova, I.Po‘latov tuman faollari, deputatlar nomidan so‘zga chiqib, fikr-mulohazalarini bildirdi.