Erkinjon TURDIMOV: Hokimning vazifasi o‘sha hududga xizmat qilish, odamlarning davlatdan roziligiga erishish

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon TURDIMOV bilan suhbat

– Erkinjon Oqbo‘tayevich, 2019 yil yakuniga yetmoqda. Bu yil viloyatimiz hayotidagi eng muhim besh yangilik sifatida nimalarni aytgan bo‘lardingiz?

– Yil davomida viloyatimiz hayotida juda ko‘p o‘zgarishlar, yangiliklar bo‘ldi, albatta. Ularni birma-bir sanasak ancha vaqt oladi. Lekin besh muhim yangilik sifatida quyidagilarni aytishni istardim.

Birinchisi, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 11 yanvar kuni viloyatimizga tashriflari chog‘ida aholining uy-joyga bo‘lgan talabi oshib borayotganini hisobga olib, nafaqat Samarqand shahri, balki boshqa tuman, shaharlarda ham 12-16 qavatli uy-joylar qurish uchun zamonaviy kommunikatsiya tizimini yaratishga topshiriq berdilar va bu ishni amalga oshirishga kirishildi. Natijada shu yilning o‘zida Samarqand, Toyloq va Urgut tumanlarida 30 dan ortiq ko‘p qavatli uy qurildi.

Ikkinchisi, bu ham davlatimiz rahbarining 26 iyul kuni viloyatimizga tashriflari bilan bog‘liq va ushbu tashrif chog‘ida Samarqand turistik markazini qurish uchun loyihalar taqdim etildi. Ayni paytda Samarqand eshkak eshish kanali atrofida 360 gektar maydonda ushbu ob’yekt qurilishi boshlandi. Bu yerda yangicha arxitektura asosida anjumanlar saroyi, mehmonxonalar va boshqa inshootlar qurilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Samarqand xalqaro aeroportining 600 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminalini qurish, uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi.

Umuman, 2019 yil Samarqand viloyati turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish va salohiyatini oshirish uchun mamlakat va xalqaro miqyosda ko‘p ishlar bajarildi. Yangi – 2020 yilda bu ishlar yana ham keng ko‘lamda davom etadi.

Uchinchisi, “ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasi hamda Xitoyning “China Construction Engineering Design Group Corp. Ltd” kompaniyasi hamkorligida Samarqand shahrining 2040 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqildi va jamoatchilik bilan birga muhokama etildi. Ayni paytda ushbu loyiha tasdiqlanish jarayonida. Bu bilan keyingi paytda Samarqand shahrida yuzaga kelgan ko‘plab noqonuniy qurilishlarga chek qo‘yildi.

To‘rtinchisi, qishloq xo‘jaligi, jumladan, paxtachilikda to‘liq klaster tizimi joriy etildi. Yakuniga yetayotgan yilda 75,5 ming gektar maydondagi paxta klaster tizimida yetishtirildi va yig‘ishtirib olindi.

Beshinchisi, tuman, shahar hokimlari, sektorlar rahbarlari, boshqarma va idoralar boshliqlarining xalq bilan muloqot qilish, sayyor qabullar o‘tkazishda tizimlilikka erishildi. Shaxsan o‘zim yil davomida viloyat tashkilotlari rahbarlari, mutasaddilar bilan birga tuman va shaharlarda 20 marta sayyor qabul o‘tkazib, ushbu muloqotlarimiz natijasida 5087 nafar fuqaroning 5853 muammosiga yechim topildi.

– Yil boshida oldingizga qo‘ygan maqsadlarga erishdingizmi?

– Maqsadlarga erishishga intildik. Viloyatimizning iqtisodiy ko‘rsatkichlari avvalgi yillarga nisbatan oshdi, amalga oshirilgan loyihalar ham salmoqli bo‘ldi. Ammo barcha rejalarimiz amalga oshdi, deb aytolmayman. Buning o‘ziga yarasha ob’yektiv va sub’yektiv sabablari bor. Lekin o‘tayotgan yildan xulosa qilib, yangi yilda yangicha rejalar tuzganmiz, oldimizga yangi maqsadlar qo‘yganmiz.

Aslida, har bir insonni, u rahbarmi, oddiy ishchi yoki fuqaromi, yillar, hayotning o‘zi tarbiyalab boraveradi. Tarbiyalaydi, deganim har bir yilning o‘z xulosasi bo‘ladi va kishi shunga qarab kelgusi yil rejalarini belgilab oladi.

– Samarqandga kelgunga qadar Navoiy va Surxondaryoda hokimlik qildingiz. Uch viloyatni taqqoslaganda Samarqandda Sizga ma’qul bo‘lgan va yoqmagan jihatlar nima?

– Qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, hokimning vazifasi o‘sha hududga xizmat qilish, odamlarning davlatdan roziligiga erishish, kishilarni islohotlarga va uning natijasiga ishontirish. Bu yo‘lda barchani o‘z atrofida jipslashtirib harakat qilish lozim. Men qayerda ishlamay mana shu haqiqat asosida faoliyat olib borishni, prezidentimizning, o‘sha hudud xalqining ishonchini oqlashni bosh maqsad deb bilaman.

Uch viloyatning va bu uch viloyat xalqining ham faqat o‘zigagina xos bo‘lgan jihatlari bor. Ish faoliyatimda buni, albatta, inobatga olganman. Samarqand esa o‘zim tug‘ilib o‘sgan viloyat. Garchi shu paytgacha mehnat faoliyatim boshqa hududlar bilan bog‘liq kechgan bo‘lsa-da bu yerda amalga oshirilgan islohotlarni kuzatib borganman. Qo‘shrabotga, qishlog‘imga har gal borganimda bunga bevosita guvoh bo‘lganman. Shuning uchun Samarqandda ish boshlab, xalq bilan til topishish unchalik qiyinchilik tug‘dirmadi.         Ammo uch viloyatni taqqoslaganda Samarqand aholisi ko‘p, shunga yarasha masalalari ham ko‘p hudud. Qolaversa, bu zamin azaldan ilm-fan, madaniyat, sivilizatsiya markazi bo‘lgan. Davlatchilik tariximizda ham Samarqandning munosib o‘rni bor. Bugun ham mamlakatimiz iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy hayotida viloyatning salmoqli o‘rni, salohiyati borligi barchamizga yaxshi ma’lum. Bularning barchasi hokim sifatida har bir masalaga jiddiy e’tibor qaratgan holda ishlashga da’vat etadi meni.

Ma’qul bo‘lgan va yoqmagan tomonlar ham o‘zimizga, xalq bilan, odamlar bilan qanday gaplashish, ishlashimizga bog‘liq. Demoqchimanki, ma’qul bo‘lgan tomonlarni yanada ko‘paytirish, yoqmagan jihatlarni kamaytirish uchun xalq bilan birgalikda ishlashimiz, doim odamlar orasida bo‘lishimiz kerak. Dunyoda bizning xalqimizdek bag‘rikeng, samimiy, kechirimli xalq bo‘lmasa kerak. Bu xalqning ishonchiga munosib bo‘lish, ularga xizmat qilish men uchun ham ulkan sharaf va mas’uliyat.

– Samarqand shahrining tarixiy qismida uy-joy qurilishi va rekonstruksiyasi bilan bog‘liq masalalar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p muhokama bo‘lmoqda. Buni keltirib chiqargan sabab va omillarni nimada ko‘rasiz? Bunday qurilishlar hali ham davom etayotganiga sabab nima?

– Avvalo, hozirda bunday qurilishlarga butunlay chek qo‘yilganligini aytishim kerak. Bu borada davlatimiz rahbarining topshiriqlari, respublikamiz hukumati va o‘zimizning ham qarorlarimiz bor. Shunday vaziyatda ham o‘zboshimchalik bilan, noqonuniy qurilish qilish holatlari yuzaga kelayotganidan ko‘z yuma olmaymiz. Ammo bularning barchasi noqonuniy va bu ishga qo‘l urganlar albatta, qonun oldida javob beradi. Biz – viloyat, shahar hokimligi hozirda Samarqand shahrining tarixiy hududi va uning bufer zonasida qurilish qilish uchun yoki binolarni ta’mirlash uchun qaror chiqarishni to‘xtatganmiz. Bu boradagi ruxsat berish tartiblari yangicha tizim asosida tashkil etilmoqda.

Noqonuniy qurilishlarni keltirib chiqargan sabab va omillar esa juda ko‘p. Bulardan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik yaxshi xabardor. Bunday qurilishlarning boshida turganlarning taqdiri ham ko‘pchillikka yaxshi ma’lum. O‘zimiz ham bu haqda bayonotlar berganmiz, joylardagi uchrashuvlarimizda ko‘p to‘xtalganmiz. Hammasi qonuniy bahosini olmoqda va bundan keyin ham shunday bo‘ladi.

Eng muhimi, rahbar ham, tadbirkor va oddiy aholi ham Samarqand hammamizning boyligimiz, faxrimiz ekanligini anglashi lozim. Biz yer yuzining sayqali bo‘lgan Samarqandni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirmoqchi ekanmiz, avvalo uning tarixiy qiyofasini saqlab qolishimiz, turizmni asosiy daromad manbaimiz sifatida ko‘rib, shunga mos harakat qilishimiz zarur.

– Ijtimoiy tarmoqlarda ham juda faolsiz. Bu ish faoliyatingizda qanchalik ahamiyatli? Yaxshi bilamiz, Samarqandda boshqa hududlarga nisbatan jurnalist va blogerlar juda faol. Siz bunga qanday qaraysiz? Bu sizga yordam beradimi yoki...

– Bugun ijtimoiy tarmoqlar faol muloqot maydoniga aylangani, unda jamoatchilik nazorati elementlari yaqqol namoyon bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Odamlarning kayfiyati, u yoki bu voqeaga munosabati ham birinchi navbatda ijtimoiy tarmoqlarda o‘z aksini topmoqda. Shu sababli ularni doimiy kuzatib boraman va o‘zimning sahifalarim orqali aholi bilan muloqot qilaman. Ko‘pgina murakkab masalalar yechimida ijtimoiy tarmoqlardagi muhokama va munosabatlarga ham tayanaman.

Samarqandda jurnalist va blogerlarning boshqa hududlarga nisbatan faol va ko‘pligi esa menga ish faoliyatimda yordam beradi. Ular bilan tez-tez uchrashib, fikrlashib turamiz. Viloyat hayotiga oid muhim masalalarda yoki OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokama qilinayotgan mavzular bo‘yicha jurnalist va blogerlar bilan ochiq muloqot qilishimiz o‘sha masalalarni to‘g‘ri talqin etish va keng ommaga yetkazishda samarali bo‘lmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, jurnalist va blogerlar bilan munosabatlarimiz yaxshi hamda ularning faoliyati menga va boshqa rahbarlarga yordam beradi.

– Erkinjon Oqbo‘tayevich, Sizni va viloyatimiz ahlini Yangi yil bilan tabriklaymiz. 2020 yil Samarqand uchun omadli, muvaffaqiyatlarga boy yil bo‘lsin!

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.