Erkinjon Turdimov: Murojaat - bu xalq oldidagi o‘ziga xos hisobotimiz, qolaversa, kelgusi yil rejalari yuzasidan kengash, mashvaratimiz
Bugun, 19 dekabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining o‘n to‘qqizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada deputatlar bilan birga Oliy Majlis Senati a’zolari, viloyat sektor rahbarlari, boshqarma va idoralar mas’ullari, hokim o‘rinbosarlari, faollar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Videoselektor tarzida o‘tkazilgan sessiya jarayonlarini tuman va shaharlar sektor rahbarlari, deputatlar va faollar, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik kuzatib bordi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov viloyatda 2020 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha aholiga murojaat qildi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yil mamlakatimizda ilk bor har bir hudud rahbari – hokimlar yakuniga yetayotgan yilda amalga oshirilgan ishlar va kelgusi yil rejalari yuzasidan xalqimizga murojaat qilmoqda, – dedi E.Turdimov. – Shu paytgacha viloyatimizning barcha tuman va shahar Kengashlari sessiyalarida hokimlar aholiga murojaat qildi. Bugun viloyat bo‘yicha ishlarimizni tahlil qilib, kelgusi yil rejalarimiz haqida xalqimizga ma’lumot bermoqchimiz. Bu biz, rahbarlarning xalqimiz oldidagi o‘ziga xos hisobotimiz, qolaversa, kelgusi yil rejalari yuzasidan sizlar bilan kengashimiz, mashvaratimizdir. Shu o‘rinda Sohibqiron bobomiz Amir Temurning “Saltanat ishlarining to‘qqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash bilan bajo keltirish zarur”, degan fikrini yodga olish o‘rinli, deb bilaman.
Shundan so‘ng viloyat hokimi 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Har bir soha bo‘yicha yil boshida belgilangan rejalar va ularning ijrosiga, o‘z navbatida, 2021 yil rejalari, ko‘zda tutilgan loyihalarga to‘xtaldi.
Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda hokimlar, mutasaddi idoralar rahbarlaridan shaxsiy mas’uliyat talab etilishi ta’kidlandi.
Sessiyadan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi E.Turdimov jurnalist va blogerlarning savollariga batafsil javob berdi.
– Murojaatda aytgan fikrlarimiz, kelgusi yil uchun ustuvor yo‘nalishlarimizni amalga oshirishda ommaviy axborot vositalari vakillari, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini ham faol ishtirok etishga chaqiraman, – dedi anjuman yakunida E.Turdimov. – Chunki bu jarayonda jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi barcha vazifalarning ochiq va oshkora, o‘z vaqtida bajarilishiga yordam beradi.