Erkinjon Turdimov: Tadbirkorga yetkazilgan zarar undiriladi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida o‘tkazilgan “Hokim va tadbirkorlar uchrashuvi”da tadbirkorlar faoliyatlarida to‘siq bo‘layotgan qirqdan ziyod masalalar bilan viloyat hokimiga murojaat qilishdi.
Masalan, “Yangi uskuna olib kelishimiz uchun kredit mablag‘i ajratilishi kechikyapti. Bu ishlab chiqarishni rivojlantirishimizga ta’sir ko‘rsatmoqda”, “Elektrdagi uzilishlar korxonamizni to‘liq ishlashiga to‘sqinlik qilyapti. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilishda har olti oyda vizani yangilash kerakligi ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlikni ko‘paytirmoqda. Qonunchilikda vizani birato‘la ikki yilga uzaytirish imkoni yaratilsa chet ellik mutaxasslarni jalb etuvchi korxonalar uchun ancha yengillik bo‘lardi”...
Uchrashuvga 200 nafarga yaqin tadbirkor o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaat qildi.
- Biz Pokistondan go‘sht import qilish bilan shug‘ullanamiz va arzon narxda har qanday hajmda muzlatilgan va sovutilgan go‘sht yetkazamiz, - deydi “Meat vishts” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori Xurshid Halimov. – Viloyatdagi autsorsing korxonalari, tibbiyot muassasalari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda go‘sht sotish uchun doimiy do‘konlar tashkil etishda yordam so‘rab murojaat qilgandik. Viloyatda o‘tadigan qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkalari va shaharning aholi gavjum hududlarida do‘konlar tashkil etishda yordam beriladigan bo‘ldi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyat hokimining sayyor qabullarida bildirilgan murojaatlarning deyarli 80 foizi o‘z yechimini topgan. Bu esa respublikada eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan asosan elektr energiyasi, tabiiy gazdagi uzilishlar, kredit ajratish, qurilishga ruxsat berish, yer toifasini o‘zgartirish kabi masalalarda murojaatlar ko‘p bo‘ldi.
- Avvalo, har bir xodim o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondoshsa, fuqaroda ham, tadbirkorda ham muammo bo‘lmaydi, - dedi viloyat hokimi. – Joylardagi rahbarlarning e’tiborsizligi, sektorlarning o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshganligi tufayli oddiy masalalar ham yechilmay, tadbirkorga to‘siq bo‘lib kelyapti. Tadbirkor qo‘shimcha qiymat yaratyapti, mahsulot ishlab chiqaryapti, ish o‘rni tashkil etyapti, ammo ayrim mansabdorlar ularga ko‘maklashish o‘rniga bevosita vazifasi bo‘lgan masalaga yechim topmasdan tadbirkorni ishiga to‘siq bo‘lmoqda. Bugungi uchrashuvda ham eng ko‘p murojaat elektr energiyasida uzilishlar yuzasidan bo‘ldi. Tadbirkor qo‘shimcha qiymat yaratuvchi, unga qancha zarar yetkazilgan bo‘lsa Ombudsman bilan birgalikda hisoblanib, sud orqali keltirilgan zarar elektr energiyasi korxonasi hisobidan undiriladi.
Har bir murojaat ijrosi nazoratga olinib, tegishli mas’ullarga topshiriqlar va muddat belgilandi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.