Erman bargli ambroziya yerdan azot, fosfor va 950 tonna suvni o‘zlashtiradi

Erman bargli ambroziya karantin begona o‘ti deyarli barcha dala ekinlarini ifloslantirib, sabzavot va haydalma ekinlar orasida kuchli tarqaladi. Ambroziya  madaniy ekinlarga qaraganda tuproqdagi ozuqa moddalarini ko‘p o‘zlashtiradi va har qanday tuproqni yuqori darajada kuchsizlantiradi. Bir tonna quruq modda hosil bo‘lishi uchun erman bargli ambroziya tuproqdan 15,5 kilogramm azot, 1,5 kilogramm fosfor va qariyb 950 tonna suvni o‘zlashtiradi.

Ambroziya bilan ifloslangan dalalarda ishlar sifati yomonlashib, dalalarda yetishtirilgan bug‘doyning oqsil tarkibi 0,5 foizga, shishasimonligi esa 1 foizga pasayadi.

Bunday begona o‘t ko‘payishining oldini olishda beda, jo‘xori, tariq kabi silliq yuzali urug‘larni elektromagnit tozalagich mashinalarda yoki ularni osh to‘zi 10 litr suvga 150 gramm eritmasiga solish yo‘li bilan tozalash mumkin. Bunda ambroziyaning urug‘lari eritma yuzasiga qalqib chiqadi, asosiy don esa uning tubiga cho‘kadi. Dalalarni erman bargli ambroziyadan tozalashda agrotexnik tadbirlarning vaqtida o‘tkazilishi ham muhim hisoblanadi. Ambroziya bilan kuchli zararlangan yerlarda qora shudgor yaxshi natija beradi. Bunda ishlov berish tadbirlari to‘g‘ri bajarilganda ambroziya bilan ifloslanganlik 70-80 foizga kamayadi. Kuchli ifloslangan dalalarda ikki yil uzluksiz kuzgi g‘alladoshlarni yetishtirish (hosili yig‘ib olingach, yarim qora shudgor qilish) ham yaxshi natija beradi.

Akram FOZILOV,

viloyat o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot kotibi.