Erta turmush qurgan qizlarning 38,2 foizida salomatlik bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan, ammo gap faqat sog‘liqda ham emas...


Mustahkam va sog‘lom oilada tarbiya topgan yoshlar-yurt kelajagi
Ma’lumotlarga ko‘ra, erta turmush qurish oqibatida 38,2 foiz o‘smir qizlarning sog‘lig‘i, 22,9 foizida esa ota-onalar bilan munosabatlari yomonlashgan. Bundan tashqari, 25,2 foizi iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan.
Afsuski, ayrim ota-onalar “Tenggi chiqsa, tekin ber!” naqliga amal qilib, hali katta hayot ostonasidan hatlashga tayyor bo‘lmagan yosh qizlarining yelkalariga turmush zalvorini yuklashmoqda. Qizlarni erta turmushga berish, buning natijasida oilalarning buzilishi yoki nosog‘lom farzandlar tug‘ilishi jamiyatda dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda.
Yilning o‘tgan davri mobaynida yurtimizda 22 ta erta nikoh holati aniqlanib, 41 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 55 ta erta nikoh holatlarining oldi olingan. Erta turmush va ajrimlar sonini qisqartirish maqsadida Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi jamoat fondi tomonidan “Inson huquqi va erkinliklariga amal qilish har bir shaxsning qadr-qimmatini e’zozlash, huquq va manfatlarini ta’minlash, ma’naviy-axloqiy bilimlarni oshirish, oilada ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda nodavlat notijorat tashkilotlari faolligini oshirish”, “Mustahkam va sog‘lom oilada tarbiya topgan yoshlar-yurt kelajagi” mavzusida ajratilgan 60 million so‘m miqdoridagi davlat granti hisobidan viloyatimizning shahar va tumanlari bo‘ylab erta turmush va ajrimlar sonini qisqartirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi.
Loyiha doirasida 3000 ga yaqin xotin-qiz va yoshlar qamrab olindi. “Samarqand yoshlari” gazetasi tahririyati tomonidan olti oy davomida 20 dan ortiq targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, ajrim va erta turmushning salbiy oqibatlari xususida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, ijtimoiy, psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar va yoshlarga 12 ta psixologik va yuridik maslahatlar broshyuralari tarqatilib, shu xususda batafsil ma’lumotlar berildi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali esa har haftada erta turmushning oldini olish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini va faolligini oshirish bo‘yicha so‘rovnomalar tashkil qilinib, ularning natijalariga ko‘ra maqola, ekspertlar xulosasi asosida video-lavhalar tayyorlab targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
“Samarqand yoshlari” gazetasi sahifalarida oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, erta turmushning oldini olish, barkamol avlod tarbiyasida oila va jamiyatning roli haqida tanqidiy-tahliliy maqolalar nashr qilinib, o‘quvchilarga taqdim etildi. Xususan, gazetaning 2023 yilgi 18-sonida “Yarim asrlik tajriba yoxud ajrim yechim emas!” sarlavhasi ostida chop etilgan maqolada Samarqand shahri «Bog‘imaydon» mahallasida tashkil qilingan “Qo‘sha qarigan baxtli oilalar — mahallamiz iftixori” nomli tadbir doirasida qariyb yarim asr davomida birga baxtli hayot kechirayotgan 10 ta juftlikdan iborat nuroniy otaxon va onaxonlarning ibratli hayot yo‘llari va ularning farzandlari, nevara-evaralarining o‘zaro mehr-oqibati, oila qanchalik ulug‘ dargoh ekanligi, totuvlik va hamjihatlikni saqlab qolish uchun nimalarga e’tibor berish zarurligi haqida so‘z yuritildi.
Aholi gavjum joylarda ham tarqatma materiallar tarqatilib, erta turmush qurishning salbiy oqibatlari, yoshlar tarbiyasidagi muhim omillar, mustahkam va sog‘lom oila asoslari nimalardan iborat bo‘lishi to‘g‘risida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazildi. Yosh oilalar o‘rtasida yuzaga kelayotgan kichik tushunmovchiliklar sabab ajrimlar soni ortib borayotgan bir vaqtda 50-65 yil davomida hayot yo‘llarida birga odimlab kelayotgan, qanchadan qancha qiyinchilik va to‘siqlarni o‘zaro hamjihatlik va mehr-muhabbat ila yengib kelgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz har jihatdan ibrat ekanligiga alohida urg‘u berildi.

Marvaridbonu JUMAYeVA.