Erta turmush yoshlar kelajagiga tahdid(mi?)
Bugungi kunda jamiyatimizda erta turmush masalasi eng dolzarb mavzulardan biriga aylanib bormoqda. Ayniqsa, o‘rta maktab yoki oliy ta’lim yoshidagi qiz va yigitlarning yetarli hayotiy tajriba hamda ruhiy tayyorgarliksiz oila qurishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu holat nafaqat yoshlarning shaxsiy hayotiga, balki jamiyat taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson oila qurish uchun avvalo jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk bo‘lishi lozim. Erta turmush qurgan qizlar ko‘pincha homiladorlik va tug‘ruq jarayonida turli sog‘liq muammolariga duch keladi. Bundan tashqari, yosh oilalarda qaynona-kelin munosabatlari, oilaviy mas’uliyat va turmush tashvishlari sababli turli kelishmovchiliklar ham yuzaga chiqmoqda.
Eng achinarlisi, erta turmush ko‘plab qizlarning ta’lim olishiga to‘sqinlik qilmoqda. O‘qish va oilaviy mas’uliyatni bir paytda olib borish yosh kelinlar uchun juda og‘ir kechadi. Oqibatda ular o‘qishini tashlashga yoki orzu-maqsadlaridan voz kechishga majbur bo‘lmoqda.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida yuz bergan fojiali hodisa keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bitiruvchi qizning unashtirilgan yigiti tomonidan pichoqlanib, halok bo‘lgani barchani larzaga soldi. Eng achinarlisi, bunga qizning bitiruv oqshomi uchun tiktirgan ko‘ylagi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Bu voqea ota-onalarning farzand taqdiriga beparvo qarashi qanday og‘ir oqibatlarga olib kelishini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bunday holatlar hayotda ko‘p uchramoqda. Masalan, qo‘shni qishloqda yashovchi bir qiz institutga o‘qishga kirganidan so‘ng, ota-onasi uning roziligisiz sovchilardan biriga rozilik bergan. Qiz o‘qishni davom ettirishni, hali turmush qurishga tayyor emasligini aytgan bo‘lsa-da, ota-onasi uning fikrini inobatga olmadi. Qiz majburan turmushga uzatildi. O‘qish, oilaviy mas’uliyat va homiladorlik yosh kelinning zimmasiga katta yuk bo‘ldi. Oiladagi kelishmovchiliklar sabab u o‘qishini tashlashga majbur bo‘ldi. Oxir-oqibat yoshlar ajrashib ketdi. Oqibatda bir go‘dak tirik yetim bo‘lib qoldi, qiz esa orzu va maqsadlaridan ayrildi. Ota-onaning keyingi pushaymoni esa hech narsani o‘zgartira olmadi.
Albatta, bugungi kunda barcha ota-onalarni bir xil fikrlaydi deb bo‘lmaydi. Farzandining kelajagini o‘ylab, ularni o‘qitayotgan, qo‘llab-quvvatlayotgan oilalar ham talaygina. Ayniqsa, davlatimiz tomonidan qizlarning ta’lim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Turli grantlar, davlat stipendiyalari va imtiyozlar yoshlarning bilim olishi uchun xizmat qilmoqda. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanish esa yoshlarning o‘z qo‘lida.
Aslida qiz bolaning hayotini faqat turmush bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Har bir farzandning orzusi, maqsadi va o‘z yo‘li bor. Ota-onalar esa ularga bosim o‘tkazish emas, aksincha, oq-qorani tanib, mustaqil hayot yo‘lini topishida yordam berishi kerak.
Roxila Shaymurodova,
Samarqand davlat chet tillar instituti talabasi.