Erta yoshda chet tilini o‘rgatish: Bolaning intellektual rivojlanishi uchun muhim qadam

Erta yoshdan chet tilini o‘rgatish bolalar uchun juda muhim bo‘lib, ular hayotning turli jabhalarida muvaffaqiyatga erishishlari uchun zarur asos yaratib beradi.
Chet tilini o‘rganish bolalarning intellektual rivojlanishiga, ijtimoiy ko‘nikmalariga va kelajakdagi professional muvaffaqiyatlarida katta rol o‘ynaydi.
Chet tilini o‘rganish bolaga faqat yangi so‘zlarni o‘rganishni emas, balki boshqa madaniyatlar va urf-odatlar bilan tanishish imkonini ham beradi. Bolalar turli xalqlar va ularning hayot tarzi haqida ko‘proq bilib olishadi, bu esa ularda dunyoqarashni kengaytiradi. Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatganidek, chet tilini o‘rganish bolalarning miyasini faol ishlatishga undaydi.
Buning natijasida, ular yaxshiroq muammolarni hal qilish, mantiqiy fikrlash va yodlash qobiliyatlarini rivojlantiradilar. Chet tilini o‘rganish bolalarga muloqot qilishda yanada erkinlik beradi. Ular ikki yoki undan ortiq tilda gapirishga o‘rganib, fikrlarini aniq va to‘liq ifodalaydi. Bu ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshiradi va kelajakda ijtimoiy munosabatlarida muvaffaqiyatga erishishlariga yordam beradi. Ikki yoki undan ortiq tilni biladigan bolalar o‘z fikrlarini har xil usullarda ifodalash va muammolarni har xil burchaklardan ko‘rish va uni yechish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Bu ularning mantiqiy fikrlash va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantiradi.
Erta yoshda chet tilini o‘rgatish usullari
1. O‘yinlar va faoliyatlar
Bolalarga til o‘rgatishning eng samarali usullaridan biri – bu o‘yinlar va faoliyatlardir. Musiqa, qo‘shiqlar, raqslar va turli xil o‘yinlar orqali bolalar tilni o‘rganishlari mumkin. Bu usul bolalarga tilni o‘rganishni qiziqarli va osonlashtiradi.
2. Multfilm va filmlar
Bolalarga chet tilini o‘rgatishda animatsion multfilm va filmlar yordam berishi mumkin. Ular bolalarga turli xil so‘zlarni, iboralarni va nutqni eshitish imkoniyatini beradi. Bunday usul, ayniqsa, vizual va eshitish orqali tez o‘rganadigan bolalar uchun qo‘l keladi. Albatta, bunday film va multfilmlar bolani yoshiga mos hamda ota-ona nazorati ostida bo‘lishi muhim.
3. Tungi hikoyalar
O‘z tilidagi ertaklar yoki hikoyalar orqali bolalarni chet tilida gapirishga o‘rgatish mumkin. Ertaklar va hikoyalar yordamida bolalar yangi so‘zlar va iboralarni o‘rganadilar. Shuningdek, bu ularni tinglash va tushunish ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi.
4. Ko‘p takrorlash va mashqlar
Erta yoshdagi bolalar uchun so‘zlarni va iboralarni ko‘p marta takrorlash juda muhim omillardan biri hisoblanadi. Bu usul bolalar xotirasini mustahkamlashga yordam beradi va ularning o‘rganish jarayonini tezlashtiradi. Bu esa o‘z navbatida chet tilida o‘rgangan so‘zlarini keyinchalik muloqotda erkin qo‘llay oladi.
Bolalarga chet tilini erta yoshdan o‘rgatish ularning kelajakdagi muvaffaqiyatiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu nafaqat til bilish darajasini oshiradi, balki intellektual, ijtimoiy va kognitiv rivojlanishiga ham yordam beradi.
Xolida Shamsiyeva,
Samarqand davlat chet tillar insitututi stajyor-o‘qituvchisi.