Ertadan xorijdan O‘zbekistonga kelayotgan fuqarolar pulli ekspress test topshiradi

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2020 yil 25 dekabrdan O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslardan koronavirus infeksiyasi antigenini aniqlash ekspress testini olish tartibi joriy etiladi.

Ekspress test aeroportlarda, temir yo‘l vokzallarida va chegara punktlarida O‘zbekistonga keluvchilarning o‘z hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur tartibga ko‘ra, COVID-19 ga topshirilgan PSR testining manfiy natijasi to‘g‘risida ma’lumotnomaga ega shaxslardan ham ekspress test olinadi.

Ekspress test natijalari musbat chiqqanda bemorlar koronavirus infeksiyasini davolashga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga joylashtiriladi yoki uy sharoitida davolanishga yo‘naltiriladi.