Hamshira bugungi tibbiyot talablariga javob berayaptimi?
12 may – Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan ayrim fikrlarimizni bildirishni lozim topdik.
Tibbiyot hamshiralari – bemorlar uchun eng ko‘p qayg‘uradigan, kecha-yu kunduz ularning issiq-sovug‘iga qarab turadigan, vrachlar tavsiyasi bilan muolajani amalga oshiradigan kasb egalari. Bemorning tuzalishi ko‘p jihatdan ularga bog‘liq.
Aslida, bu kasb qanday paydo bo‘lgan? Zamonaviy hamshiralar qanday bo‘lishi kerak? Ularning vazifalari nimalardan iborat?
Bir necha yillardan beri tibbiyot kollejida bo‘lajak hamshiralarga umumiy hamshiralik fanidan dars berib kelamiz. Mashg‘ulotlarda zamonaviy tibbiyotning kelib chiqishi, bemorlarni davolovchi va unga ko‘makdosh bo‘lgan hamshiralar haqida saboq beramiz.
Tibbiyot uzoq tarixiy davrlarni o‘z ichiga oladi. Turli kasalliklarni davolash va oldini olish haqidagi bilimlar asosi xalqimizning tajriba va kuzatishlari orqali ma’lum bo‘lgan. Tabiiyki, inson bunday aziyatlarni bartaraf etish maqsadida turli giyoh, kukun va malhamlardan foydalanib bemorlarni davolay boshlagan. Natijada odamlar orasida davolash ishlari bilan shug‘ullanuvchi kishilar paydo bo‘lgan. Bu o‘rinda hamshiralik ishi asoschisi, boy aristokratlar oilasi vakili bo‘lgan Florens Naytengeylning soha rivojidagi qilgan xizmatini unutmaslik kerak. U yashagan davrda nochorlarga, kasallarga yordam berish oliy tabaqa xonadoni vakillariga mansub ayollarga munosib emas deb hisoblangan. Shunga qaramasdan Florens nochor odamlarga yordam berishga qaror qilgan. Keyinchalik bir guruh ko‘ngillilar bilan urush maydonida yaradorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatdi. Urushdan so‘ng ham o‘z faoliyatni davom ettirib, hamshiralar tayyorlash, ular ishining ahamiyatini jahonga yoyish xususida dunyo hamjamiyatiga murojaat qilgan inson sifatida tarixda qolgan. Shunday qilib, kasalliklarni davolash jarayonida shifokorlarning yaqin ko‘makdoshi, buyurilgan muolajalarni bajaruvchi va bemor bilan bevosita muloqotda bo‘luvchi hamshiralar paydo bo‘ldi. Yillar o‘tib, ular zimmasidagi vazifalar ko‘lami ham tobora kengayib bordi. U nafaqat buyurilgan vazifalarni bajaruvchi, balki qabulga keluvchilar bilan muloqotda bo‘luvchi, bemorni parvarish qiluvchi zamonaviy tibbiyot xodimiga aylandi.
Zamonaviy tibbiyotda hamshira umumiy amaliyot vrachi bilan birgalikda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bu kasbni egallamoqchi bo‘lganlar insoniyat oldidagi mas’uliyat va ishonchni to‘la his etishlari lozim. Bugungi kun hamshirasi bemorlarni parvarishlash, ularni tekshirish, vaziyatni baholash, shuningdek, shifokorlarning barcha ko‘rsatmalarini bajarish, diagnostika muolajalarini amalga oshirish, shoshilinch yordam ko‘rsatish vaqtida o‘zi mustaqil ravishda ko‘rsatilgan tartibda amalga oshirishi lozim.
Shohsanam ABDULLAYeVA,
Zubayda JO‘RAQULOVA,
Siyob tibbiyot kolleji o‘qituvchilari.