Ertaklar orqali bolaning xotirasi, diqqat-e’tibori shakllanadi
Dono xalqimiz “Ertaklar-yaxshiliklar yetaklar”, deb bejiz aytishmagan. Ertaklar bolalarning ongi va qalbiga ezgu fazilatlarni jo qilishda, ularning ma’naviy olamini boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ular yordamida bolalarning xotirasi, diqqat-e’tibori, tafakkuri rivojlanadi. Ertaklarni tinglash til va nutqning taraqqiy etishini belgilab beradigan asosiy omillardan biri hisoblanadi. Boladagi ayrim nutqiy kamchiliklarni hikoya va ertaklar eshitish, she’r yodlatish, shuningdek so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qildirish va turli xil mashqlar bajarish orqali bartaraf etish mumkin.
Ertak mazmuni asosida bolalarda ezgu xislatlarni tarbiyalash, insoniy fazilatlarni targ‘ib etish, ular o‘rtasida o‘zaro do‘stona munosabatlarni shakllantirish va mustaqil fikrlashga o‘rgatish kerak.
Jumladan, hayvonlar haqidagi “Tulkining taqsimoti” ertagida ayyorlik va tilyog‘lamalik tulki obrazi orqali ifodalangan. “Uch og‘a-ini botirlar” ertagi ota nasihati bilan boshlanadi. Botirlar obrazida axloq va odobning yuksak namunasi odamiylik, donishmandlik, jasurlik kabi sifatlar namoyon bo‘ladi.
Tarbiyachi tomonidan ertak o‘qib bo‘lingach, bolalarni umumiy xulosa chiqarishga undash lozim. “Agar sen uning o‘rnida bo‘lganingda nima qilgan bo‘lar eding?”, kabi savollar berib, erkin muloqotga chaqirish ularning faolligini oshirishga yordam beradi.
Har bir ertakning o‘z g‘oyasi bor. “Sehrli sholg‘om” ertagi bolalarni fikrlashga, voqealarni ketma-ket aytishga undab, “Kuch birlikda” degan g‘oyani anglab yetishini ta’minlasa, “Zumrad va Qimmat” ertagida Zumradning mehnatsevarligi ulug‘lanadi. Qimmat esa dangasa, ishyoqmas sifatida gavdalanadi. Bolalar ertakni tinglash orqali qissadan hissa chiqarishga o‘rgatiladi.
Shuningdek, ertaklarni mahorat bilan bolalarga o‘qib berish, kichkintoy bilan his-hayajonli muloqotni o‘rnatishga, sezdirmay tarbiyaviy ta’sir qilishga, atrof-muhit haqidagi bilimi va ma’lumot zaxiralarini samarali to‘ldirishga imkon yaratadi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida ertaklarni bolalarga yetkazishda yangi pedagogik texnologiya asosida bolalarning so‘z boyligini oshirishga, ularning nutqini o‘stirish, tafakkuri va ma’naviyatini rivojlantirishga qaratish muhim ahamiyat kasb etadi.
Baxtigul ASROROVA,
tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri.