Esdalik nishonlari topshirildi

Viloyat hokimi T.Jo‘rayev 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, xalqimizning tinch va farovon hayotini ta’minlash, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishning mustahkam huquqiy asosi ekanligini ta’kidladi. Bosh Qomusimizni ishlab chiqishda davlatimiz tanlagan yo‘l, xalqimizning bir necha ming yillik tarixi hamda xalqaro tajriba inobatga olingan. 

Mamlakatimizda o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va tamoyillar ustuvorlik kasb etdi. Ayni paytda izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham Bosh Qonunimiz tamoyillariga asoslangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 21 iyundagi "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoyishiga ko‘ra, bu yil yurtimizda Bosh Qomusimiz qabul qilinganligining 25 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari tomonidan "O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil" esdalik nishoni ta’sis etildi. 

Viloyatimizdan 2800 nafardan ortiq yurtdoshlarimiz ushbu esdalik nishoni bilan taqdirlangan.

Marosimda viloyat hokimi T.Jo‘rayev ushbu esdalik nishonlarini O‘zbekiston Prezidenti nomidan tuman va shahar hokimlari, viloyatdagi boshqarma va idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari, mahalliy kengashlar deputatlari va faxriylarga tantanali ravishda topshirdi.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor va e’tirof uchun minnatdorlik izhor etib, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida astoydil mehnat qilishlarini bildirdi.

– Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 25 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan ushbu esdalik nishonini olish biz, faxriylar uchun juda katta sharaf, – deydi "Nuroniy" jamg‘armasi Urgut tumani bo‘limi raisi F.Azizov. – Shu bilan birga, ulkan mas’uliyatki, bunga javoban xalqimizning huquqiy madaniyatini oshirish, yoshlarimizni Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim. 

Viloyatdagi huquq-tartibot organlari, harbiy qism va muassasalarda ham esdalik nishonlarini tantanali topshirish marosimlari o‘tkazildi.