Eski haydovchilik guvohnomasi yana bir yil amalda bo‘ladi

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi matbuot xizmatining xabar berishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 116-sonli qaroriga ko‘ra, 2020 yil 31 dekabr kuniga qadar milliy haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirish muddati belgilangan.

Milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunalariga almashtirish haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilganda amalga oshiriladi.

Qarorga ko‘ra, eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas, deb hisoblanishi belgilangan.

Bugungi kunda Toshkent shahridagi 7 ta tumanda, ya’ni Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Yakkasaroy, Yashnobod tumani Davlat xizmatlari markazlari orqali ushbu davlat xizmati ko‘rsatib kelinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish uchun haydovchilar tomonidan pasport va eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda uning taloni taqdim etilishi lozim.