E’tirozga o‘rin yo‘q. Ota farzandi ta’minotiga javobgar

Samarqandlik A.Jasurova (ism, familiyalar shartli) N.Tilavov bilan 2014 yil 5 yanvar kunida qonuniy nikohdan o‘tib, turmushidan ikki nafar farzandli bo‘lgan.

Ammo ... bugun sudda farzandlari uchun N.Tilavovdan ta’minot talab qilmoqda. U bunga haqlimi?

Sud majlisida N.Tilavov haqiqatdan ham da’vogar bilan qonuniy nikohdan o‘tib oilaviy turmush qurishgani, turmushidan ikki nafar farzandi tug‘ilgani va o‘rtalarida kelishmovchilik kelib chiqqanligi sababli 2019 yil iyuldan boshlab alohida yashab kelayotganini bildirgan.

Shuningdek, u oilasini tiklash uchun bir necha marta harakat qilgani, ayni paytda farzandlariga aliment to‘lay olmasligini, shu sababli da’vo talabini qonuniy ko‘rib chiqishni so‘ragan.

Ish materiallarini tahlil etib, sud quyidagi asoslarga ko‘ra da’vo arizasini qanoatlantirish lozim deb hisobladi: Javobgar o‘z hohishi bilan farzandi uchun moddiy va ma’naviy tomondan da’vogarga umuman yordam qilmagan. U oilaga bo‘lgan ma’suliyatni bajarmagan. Da’vogar farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanib, ishlay olmaydi.

Oila kodeksining 117-moddasiga asosan er-xotin bir-biriga moddiy yordam berishi shart. Bunday yordam berishdan bosh bortilgan taqdirda, yordamga muhtoj, mehnatga layoqatsiz er yoki xotin, shuningdek xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab uch yil davomida yordamga muhtoj er (xotin) yordam berishga qodir bo‘lgan xotin (er)dan sud tartibida ta’minot (aliment) olish huquqiga ega.

Shu bois, sud A.Jasurovaning o‘z ta’minoti uchun aliment undirish haqidagi da’vo talabini qisman qanoatlantirdi.

Sud qaroriga asosan N.Tilavov dan da’vogar foydasiga 2017 yil 30 oktyabr kuni tug‘ilgan qizi uch yoshga to‘lguniga qadar bazaviy hisoblash miqdorining o‘sishiga mutanosib ravishda bir baravari miqdorida aliment hamda davlat foydasiga 223 000 so‘m miqdorda davlat boji undirish belgilandi.

G.ESANOVA,

fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining sudyasi.