Yetkazilgan zarar o‘rni qoplangani sabab rahbar qamoqdan ozod qilindi
Sud ko‘rib chiqqan holat Narpay tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan.
Maktabda xodimlarga direktor jamg‘armasidan har oylik ustamalar va boshqa rag‘batlantirishlar belgilash bo‘yicha tashkil etilgan maxsus komissiya yig‘ilishlari aslida o‘tkazilmagan bo‘lsa-da, rasmiy hujjat hisoblangan maktabning buyruqlar daftariga ushbu maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazilganligi haqidagi soxta ma’lumotlar kiritilgan.
Ushbu yig‘ilish bayonidagi komissiya a’zolari I.Xabibov va J.Yodgorovlarning imzolarini soxtalashtirib, ushbu yig‘ilish bayoni asosida amaldagi talablarga zid ravishda, 2019 yil yanvar-iyul oylarida maktabning 24 nafar o‘qituvchilariga majburiy ushlanmalardan tashqari 54 million 525 ming 500 so‘mlik ustama pullari asossiz ravishda to‘lab berilgan. Ya’ni, byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.
U ishni maktab direktori G.Rasulova va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.Ochilov bilan oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, mansabdor shaxs hisoblanib, o‘z mansab mavqeini suiiste’mol qilib, g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlab amalga oshirgan.
Birinchi instansiya sudi tomonidan sudlanuvchilar G.Rasulova va A.Ochilovning jinoiy harakatlari JKning 167-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan aybdor, deb topilgan va tegishli jazo belgilangan.
Shuningdek, sudlanuvchi G.Rasulova va A.Ochilovlarning jinoiy harakatlari natijasida yetkazilgan 54 million 525 ming 500 so‘m zararning undirilmay qolgan 43 million 25 ming 500 so‘mi sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Mazkur jinoyat ishi viloyat sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rilishida, jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun sudlanuvchilarning yaqin qarindoshlari tomonidan Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamentining viloyat hududiy bo‘limiga 43 million 50 ming so‘m miqdoridagi moddiy zarar to‘langanligi haqidagi kvitansiyalar taqdim etilgan.
Sudlov hay’ati G.Rasulova va A.Ochilovlarning qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonliklarini, yashash joylaridan ijobiy tavsiflanganligini, oilaviy sharoitlarini, ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zarar qoplanganligini e’tirof etdi.
Birinchi instansiya sudining hukmini o‘zgartirib, G.Rasulova va O.Achilovlarga nisbatan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirib, ularga nisbatan qo‘llanilgan extiyot chorasi bekor qilinib, darhol qamoqdan ozod etishlik haqida ajrim chiqardi.
To‘lqinjon KODIROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.