Yetti tonnalik oshga qancha mahsulot solindi, oshni necha kishi, qancha payt pishirdi, qancha vaqtda suzildi, kimlarga tarqatildi?

Kecha “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida uzunligi 4,5 metr, balandligi 2 metr bo‘lgan qozonda 7 tonnalik osh tayyorlandi

Qancha masalliq solindi?
Oshni tayyorlash uchun 1700 kilogramm guruch, 1900 kilogramm sariq sabzi, 480 kilogramm qizil sabzi, 830 kilogramm qo‘y go‘shti, 830 kilogramm mol go‘shti, 130 kilogramm dumba, 350 litr o‘simlik yog‘i, 200 kilogramm piyoz, 100 kilogramm no‘xat, 170 kilogramm mayiz, 5 kilogramm zira, 3 kilogramm murch, 17 kilogramm qoraqand, 50 kilogramm tuz, 450 litr suv va talabga binoan zig‘ir yog‘i ishlatilgan.

Qancha vaqtda, necha kishi tomonidan pishirilib, qancha paytda suzildi?
Osh tayyorlanishida bosh-qosh bo‘lgan samarqandlik mashhur oshpaz Abdumannon Nusratovning ta’kidlashicha, 7 tonnalik osh 50 nafar o‘zbekistonlik, 5 nafar xorijlik oshpazlar tomonidan 5 soatda pishirilib, 10 nafar oshpaz 2,5 soatda suzgan. Oshni pishirishda 35 nafar samarqandlik oshpaz ishtirok etgan.

Osh kimlarga tarqatildi?
Tayyorlangan osh mehmonlar bilan bir qatorda saxovat va muruvvat uylari, tuman, shaharlardagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, tibbiyot muassasalari, manzilli koloniyalar va obodonlashtirish bo‘limlariga tarqatildi.
- Shifoxanamizdagi bemorlar faqat dorilar bilan emas, g‘amxo‘rlik, mehr va e’tibor bilan ham davolanadi. Shuning uchun bunday tadbirlarda ruhiy qiyinchilikka duch kelgan insonlar ham yodga olinayotgani quvonarli. Gastronomik festival doirasida tarqatilgan osh ana shu g‘amxo‘rlikning ramziy ifodasi bo‘ldi, - deydi respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining psixiatriya xizmati viloyat filiali bosh shifokori Sheroz Imomov.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.