Rassomlar Behbudiy siymosini yaratdi

Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 27 dekabrdagi “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Badiiy ko‘rgazmalar direksiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan 2025 yil fevral oyida “Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti va ijodi, shuningdek, Turkiston jadidlik harakati namoyandalarining faoliyatiga oid tasviriy san’at asarlarini yaratish” mavzusida ijodiy tanlov e’lon qilingan edi. Mazkur ko‘rgazma tanlovga taqdim etilgan san’at asarlaridan tashkil etildi.
Tanlovning bosh g‘oyasi – milliy uyg‘onish tarixida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy siymosi va jadidlik harakati fidoyilarining ma’naviy merosini tasviriy san’at vositasida ifodalash, ma’rifat, tafakkur va erkinlik g‘oyalarini zamonaviy badiiy tilda qayta talqin qilishdan iborat.
Ko‘rgazmada tanlov doirasida 16 dan ortiq taniqli ijodkorlar tomonidan yaratilgan 40 dan ziyod tasviriy san’at asari hamda Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondidan olib kelingan 7 ta noyob asar keng jamoatchilik e’tiboriga havola qilindi. Ko‘rgazma-tanlovdan O‘zbekiston xalq rassomi Sobir Rahmetov, iste’dodli musavvirlar – Chorshanbi Shamsiyev, Sardor Allaberganov, Temur Rahmetov va boshqa ijodkorlarning asarlari o‘rin olgan. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi matbuot xizmatining yozishicha, “ushbu asarlar oddiy badiiy obrazlar emas, balki o‘zbek xalqining tarixiy taqdiri, qalb kechinmalari va ozodlik sari intilishlarini o‘zida teran ifoda etgan milliy-ma’naviy meros hujjatlaridir. Har bir asarda Mahmudxo‘ja Behbudiy siymosi orqali milliy uyg‘onish, xalq tafakkurining yuksalishi, o‘zlikni anglash va tarixiy haqiqatni san’at tilida qayta kashf etishga bo‘lgan ichki ehtiyoj jonli, ta’sirchan va yorqin tarzda mujassam etilgan”.
Madaniy meros agentligi huzuridagi Badiiy ekspertlar kengashi tomonidan barcha taqdim etilgan asarlar san’atshunoslik mezonlari asosida baholanadi. Tasviriy ifoda madaniyati, tarixiy mavzuni badiiy yechish darajasi hamda konseptual yondashuvga ko‘ra yuqori badiiy qiymatga ega deb topilgan asarlar Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi fondiga xarid qilinishi belgilangan. Bu jarayon ijodkorlar mehnatini e’tirof etish, tarixiy mavzularni zamonaviy san’at vositasida yoritishni rag‘batlantirish va madaniy xotirani asrashda muhim qadam hisoblanadi.
Laziz Bahronov.