Yevgeniy Prigojin samolyoti halokatga uchradi. U halok bo‘ldimi?

Chorshanba kuni kechqurun Tver yaqinida Embraer Legacy 600 reaktiv dvigatelli samolyoti halokatga uchradi. Samolyot havoda parchalanib ketgan. Bort “Vagner” xususiy harbiy kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojin bilan bog‘liq.

“Rosaviatsiya” samolyot yo‘lovchilari ro‘yxatida shunday ism-familiya bo‘lganini xabar qiladi. Hammasi bo‘lib yetti yo‘lovchi va uch nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokatda hech kim omon qolmagan, ammo “Vagner” asoschisi o‘limi haqidagi rasmiy xabar hali tasdiqlanmagan. Uning aviahalokat natijasida vafot etgani haqida bir qancha ommaviy axborot vositalari, jumladan, Prigojinning o‘ziga yaqin bo‘lganlar anonim manbalarga tayanib xabar berishmoqda.

Odatda sayohat paytida Prigojin dublyordan foydalangan va boshqa nomdagi pasportlar bilan yo‘lovchi sifatida uchgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, “Vagner” komandiri, RF Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasining Rossiya maxsus kuchlari zobiti, zaxiradagi podpolkovnik Dmitriy Utkin ham Prigojin bilan birga bo‘lgan va halok bo‘lgan. Ularning halok bo‘lganligini Kreml tomonidan tayinlangan Zaporoje ishg‘ol ma’muriyatida bosh kengash a’zosi lavozimini egallagan Vladimir Rogov ham ma’lum qilgan.

Rossiya hukumati Prigojin va Utkinning o‘limini tasdiqlamagan. Prigojin samolyotining halokati "Vagner" asoschisining isyonidan roppa-rosa ikki oy o‘tgach sodir bo‘ldi.