Yakka tartibdagi uy-joy qurishni nimadan boshlash kerak?

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-son qaroriga muvofiq, loyiha-smeta hujjatlarini kelishmasdan yakka tartibdagi uy-joy qurish va rekonstruksiya qilish taqiqlanadi.
Loyiha-smeta hujjatlari tegishli litsenziyasi bo‘lgan loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqiladi va unda bino va inshoot hamda yakka tartibdagi uy-joyning umumiy maydoni ko‘rsatilishi kerak.
Ikki qavatdan yuqori bo‘lmagan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan va umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq bo‘lmagan yakka tartibdagi uy-joylarni qurish hamda rekonstruksiya qilish loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish va qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalaridan ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi. Yakka tartibdagi uy-joylarni qurish uchun mo‘ljallangan yer uchastkasida bir oila a’zolari uchun mazkur uy-joyning hovlisiga mustaqil chiqishga ega ikki va undan ortiq yakka tartibdagi turarjoy binosi qurishga ruxsat beriladi.
Ariza beruvchilar loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun Davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi. So‘rovnomaga loyiha-smeta hujjatlarining elektron ko‘rinishdagi eskiz loyihasi PDF yoki JPEG formatda ilova qilinadi.
Shundan keyin tuman yoki shahar qurilish bo‘limlari QR-kod qo‘yilgan loyiha-smeta hujjatlari kelishilganligi haqidagi xulosani beradi yoki rad etishning aniq asoslarini va qonunchilik hujjatlari normalarini ko‘rsatgan holda kelishishni rad etadi. Ariza beruvchilar loyiha-smeta hujjatlarini kelishish rad etilgandan keyin o‘n kun mobaynida davlat xizmati ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Ariza beruvchilar tomonidan loyiha-smeta hujjatlarini kelishishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilganda takroran kelishish tuman (shahar) qurilish bo‘limlari tomonidan ikki ish kunida amalga oshiriladi.
Rustam NORQULOV,
Samarqand tumani Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi.