Samarqandlik ikki nafar fuqaro faxriy donor deb e’tirof etildi

Viloyat qon quyish markazida 14 iyun – Butunjahon donorlar kuni munosabati bilan qon topshirish xayriya aksiyasi o‘tkazildi.

“Qon bering, umid bering: biz birgalikda hayotni qutqaramiz!” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari, tibbiyot muassasalari xodimlari, faxriy donorlar ishtirok etdi.

– Har yilgi an’anaga ko‘ra, bu yil ham butunjahon donorlar kuni oldidan viloyatimizda qon topshirish oyligi e’lon qilinib, ushbu xayrli aksiya markazimizda hamda barcha tuman va shaharlarda uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat qon quyish markazi bosh vrachi Rofe Aliyev. – Shuningdek, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi viloyat kengashi “Bor mehrimiz senga, bolajon!” degan tashabbus e’lon qilib, partiya faollari va deputatlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini jalb etgan holda bemorlar uchun qon topishirishdi. Ana shu tadbirlar davomida 25 maydan buyon 500 nafardan ortiq yurtdoshimiz beg‘araz qon topshirdilar. Umuman, keyingi yillarda aholining donorlik harakatida faol ishtirok etayotgani tufayli bugun yiliga 48 mingta qon va qon preparatlari tayyorlashga erishyapmiz. Bir necha yil oldin bu raqamlar 10-11 mingdan oshmasdi. Bugun ham erta tongdan viloyat hokimligi xodimlari, turli korxona va tashkilotlar vakillari kelib, xayriya tadbirida ishtirok etdilar.

Tadbirda qon topshirish aksiyasida faol qatnashgan korxona va tashkilotlar vakillari hamda faxriy donorlarga minnatdorlik bildirilib, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sana munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida samarqandlik ikki nafan donor – Karen Grigoryan va Varvara Durandinaga “O‘zbekiston faxriy donori” ko‘krak nishoni va esdalik sovg‘alari berildi. Shu paytgacha Karen Grigoryan 68 marta, Varvara Durandina esa 41 marta qon topshirib, qon va qon preparatlariga muhtoj bemorlarni hayotga qaytarish, salomatligini tiklashga beminnat yordam ko‘rsatgan.