14 iyun – Xalqaro donorlar kuni

Har kuni dunyo bo‘yicha minglab insonlar donor qoniga ehtiyoj sezadi. Donorlik — odamlarga yaxshilik qilishning eng oddiy ko‘rinishi bo‘lib, ushbu beg‘araz, ko‘ngilli yordam qonga ehtiyoji bor insonlar uchun haqiqiy ko‘makdir.

Donor qon topshirar ekan, kimningdir hayotini saqlabgina qolmay, o‘z sog‘ligini saqlashga ham erishadi. Chunki muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish va qon tahlillarini topshirish, kishi salomatligi haqida ma’lumotga ega bo‘lib borishiga xizmat qiladi. Hozirda dunyoning 70 ta davlatida qon zaxirasi ko‘ngilli donorlik hisobiga yig‘iladi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga binoan qon tarkibiy qismlari va preparatlariga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun har 1000 aholiga nisbatan 40-60 tadan qon topshirish kerak bo‘ladi. Bizning yurtimizda esa har 1000 kishiga qon topshirishlar soni 4, 8 tani tashkil etmoqda.

Ko‘ngilli donorlik targ‘iboti birgina Respublika qon quyish markazi yoki uning sayyor guruhlari vazifasi emas. Qon va qon mahsulotlari zaxirasi nechog‘li muhimligi, qay hollarda qon quyishga murojaat qilinishi, zaxira bo‘shab qolishi qanday oqibatlarga olib kelishi batafsil tushuntirilib borilsa, ishonamizki, ko‘ngilli donorlikka munosabat o‘zgaradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, donorlikning ma’lum talablari bor. Qon topshirishdan bir kun oldin donor yetarlicha dam olishi, tiniqib uxlashi kerak. Kechki ovqatga yog‘li taom iste’mol qilinmasligi tavsiya etiladi (qon tahliliga ta’siri bor). Ertalab yengil nonushta qilishi kerak. Qon topshirishga kelgan donor, albatta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Qondagi gemoglobin miqdori aniqlanadi.

Yana bir e’tiborli jihati, o‘z qonini kamida 40 marta, qon komponentlarini 60 marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Mamlakatimizda ham ana shunday bag‘rikeng va saxiy insonlar uchun «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni hamda eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanishadi. Qon xizmatlarida olinadigan qon miqdori organizmdagi umumiy qon miqdorining 10 foizini tashkil qiladi, ya’ni 350-400 millilitr. Organizm yo‘qotgan suyuqlik o‘rnini 36 soat ichida tiklab oladi, deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.